Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan, ilk Oʻrta asrlardan boshlab diniy va dunyoviy fanlarda olamshumul kashfiyotlar qilgan allomalarimizning hayot yoʻli va faoliyati Yevropa jamiyatlarida katta qiziqish uygʻotgan.
Yevropa cherkov inkvizitsiyasi va salb yurishlarining ogʻir oqibatlari tufayli ilm-fan taraqqiyotida orqada qolgan bir paytda musulmon olami mutafakkirlari insoniyat taraqqiyotiga bebaho hissa boʻlgan asarlar yaratganlar.
Sharq, jumladan, qadimgi Movarounnahrdagi taraqqiyot Fransiyaning oʻsha paytdagi hukmdorlari va tafakkur olami vakillarida katta qiziqish uygʻotgan. Milodiy XIII asrda qirol Lui IX fransiyalik ruhoniy Giyom de Rubrukni Osiyoga joʻnatadi. Ruhoniyning lotin tilida bitilgan yoʻl xotiralari fransiyaliklar va yevropaliklarning Markaziy Osiyo toʻgʻrisidagi tasavvurlarini sezilarli darajada boyitgan.
Yana bir ruhoniy Ioann sohibqiron Amir Temur va qirol Sharl VI oʻrtasidagi muloqotda vositachilik qilgan. Fransiyada saqlanayotgan Amir Temurning forsiyda bitilgan maktubida har ikkala mamlakat oʻrtasida savdo-sotiq munosabatlarini oʻrnatish taklif qilingan edi.
Parij Milliy kutubxonasida Sharl VI ning Amir Temurga 1403-yilda yoʻllagan javob maktubining lotin tilidagi nusxasi saqlanadi. Maktubdan maʼlum boʻladiki, Fransiya fuqarolari Temur davlati sarhadlarida erkin harakatlanish huquqiga ega boʻlgan. Ikki hukmdor oʻrtasidagi yozishmalar tarixi birinchi marta XIX asr boshida mashhur fransuz sharqshunosi Silvestr de Sasi tomonidan oʻrganilgan.
Yevropa sharqshunoslik maktabiga XVI asrda aynan Fransiyada asos solingan. Fransiyalik olimlar Fargʻoniy, Buxoriy, Ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Ulugʻbek va Navoiyning asarlarini lotin va fransuz tiliga tarjima qilgan. Millatimiz faxri, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning turli davrlarda koʻchirilgan va tarjima qilingan 92 asari hozir Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Parij kutubxonalarida boshqa allomalarimizning ham arab, fors, lotin va fransuz tillaridagi asarlari asrab-avaylab kelinmoqda va oʻrganilmoqda.
XVIII asrdan boshlab yurtimizning turli shaharlarida fransuz sayohatchilari, tadqiqotchilar, ziyolilar va sanʼat vakillari yashab kelganlar. Kelib chiqishi fransuz boʻlgan aka-uka Aleksis Benua (meʼmor) va Alber Benua (rassom) yaratgan binolar va asarlar Toshkentda hozirgacha saqlanib turibdi. Shuningdek, mashhur sharqshunos va tarjimon Mishel Salye va musiqashunos Stanislav Sovari Toshkentda yashab ijod qilgan.
XIX asr oxiri va XX asr boshida Toshkentda yana bir mashhur fransuz Jozef-Antuan Kastanye yashagan. Kastanye fransuz tilidan dars bergan hamda Oʻrta Osiyo arxeologik xaritasini tuzishda ishtirok etgan.
Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va maʼrifatiga qiziqish, uni tadqiq qilish shoʻrolar davri va mustaqillik yillarida ham davom etgan. Turli davrlarda faoliyat yuritgan fransuz olimlari, sharqshunoslari, tadqiqotchilari va jurnalistlaridan Andre dyu Rye, Pyer Vatye, Antuan Gallan, Bartoleme dʼErbelo, Klod-Etyen Sovari, Antuan Silvestr de Sasi, Fransua Sharmua, Sharl Shefer, Pyer Obri, Mishel Valzan, Jan-Pol Ru, Bake Grammon, Lyusyen Keren, Katrin Pujol va boshqalar yurtimiz tarixi, madaniyati, musiqasi toʻgʻrisida ajoyib asarlar yozgan.
Oʻzbek-fransuz adabiy aloqalari ham koʻp yillik tarixga ega. 1932 yildayoq yozuvchi Fransua Dyushenning “Qamar” romani oʻzbek tiliga tarjima qilingandi. XX asr birinchi yarmida oʻzbek kitobxonlari Mopassan, Zolya, Molyer kabi Fransiya mumtoz adabiyoti vakillari ijodi bilan tanish boʻlgan. Keyinchalik A.Dyuma, Volter, Gyugo, Barbyus, Balzak asarlari oʻzbek tilida kitobxonlar qoʻliga yetib bordi.
Ushbu jarayon mustaqillik yillarida yangicha surʼatda rivojlanmoqda. Hozirgacha rus tili orqali amalga oshirib kelingan badiiy tarjima endi bevosita fransuz tilidan amalga oshirilmoqda. Jumladan, soʻnggi ikki yilda Sharl Perro ertaklari, adabiyot sohasida Nobel mukofoti sovrindorlari F.Moriak (“Ilonlar komida”), Le Klezio (“Mondo”), Modiano (“Toʻy sayohati”), A.Morua (hikoyalar) asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlarga havola etildi.
Oʻz navbatida, Choʻlponning “Kecha va kunduz”, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola”, Erkin Aʼzamning “Shovqin” asarlari fransuz tiliga oʻgirildi va farangiy zabon oʻquvchilarga taqdim qilindi.
Boshqa xorijiy tillar qatori fransuz tili ham aholi, ayniqsa, yoshlar tomonidan qiziqish bilan oʻrganilayotir. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarida 200 dan ortiq pedagog fransuz tilidan dars bermoqda.
2016-yildan Toshkentda nohukumat taʼlim muassasasi – “Toshkent Fransuz Alyansi” faoliyat yurita boshladi. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida ushbu muassasa qoshidagi kurslarni 2 mingdan ortiq yurtdoshimiz tamomladi va xalqaro diplomga ega boʻldi. Mamlakatda turizm istiqbollari kengayishi bilan “Toshkent Fransuz Alyansi” faoliyati ham kengaya boshladi. Alyans tarjimon-gidlar malakasini oshirish yoʻnalishida ham faoliyat olib bormoqda.
Madaniy-maʼrifiy hamkorlik haqida gapirar ekanmiz, teatr, kino, ilmiy sohalarga ham toʻxtalmay iloj yoʻq. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi Fransiyadagi Sharq mamlakatlari adabiyoti va tillari milliy maktabi, Milliy kutubxona, Luvr, Ilmiy tadqiqotlar milliy markazi kabi obroʻli muassasalar bilan erishilgan kelishuvlarga muvofiq ular bilan hamkorlik qilmoqda. Ayni paytda Fransiyadagi ushbu muassasalarga amaliyotchi va tadqiqotlarni yuborishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi va jahon tamadduni rivojida tutgan oʻrni nechogʻli yuksak boʻlsa, Fransiyaning ham Yevropa va dunyo madaniyati ravnaqidagi ahamiyati shunchalar beqiyos. Buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy asarlar Oʻrta asrlardan boshlab fransiyalik olimlar tomonidan oʻrganila boshlangan. Fargʻoniy, Buxoriy, Ibn Sino va Beruniy yaratgan asarlar aynan fransuz tarjimonlari tomonidan lotin tiliga tarjima qilingani ularning katta qismini yoʻq boʻlib ketishining oldini olgan. Ushbu maʼrifat va ilm javohirlari bugungi kunda ham dunyo kutubxonalarida saqlanib kelmoqda.
Har ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan oʻzbek va fransuz xalqlari orasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlari yoʻnalishida yangi ufqlar ochilishi, madaniyat va maʼrifat sohasidagi hamkorlik ushbu jarayonda muhim oʻrin tutishi shubhasiz.
Shoazim Minovarov,
Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi
markazi direktori
OʻzA