Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modining tor doiradagi muzokaralari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining Haydarobod saroyiga tashrif buyurdi. Ikki davlat rahbarlari dastlab tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.
Nyu-Dehli, 30-sentyabr.
OʻzA maxsus muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi
Muloqot chogʻida taʼkidlanganidek, oʻzbek va hind xalqlarining tarixi mushtarak, mamlakatlarimiz aloqalarining mustahkam poydevori yaratilgan. 2011-yilning may oyida imzolangan Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot keng koʻlamli yoʻnalishlar, jumladan, har ikki tomon uchun manfaatli boʻlgan hamkorlikni yanada faollashtirish imkonini bermoqda.
Oʻzbekiston bilan Hindiston xalqaro maydonda, jumladan, BMT va SHHT doirasida bir-birining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi. Mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyalari ham oʻxshash.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

 

OʻzA