Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

2018-yil 28-sentyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi oʻz ishini davom ettirdi.

Senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat byudjeti xarajatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Davlat byudjetining xarajatlar qismiga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida Oliy Majlis Senati qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumani va Navoiy viloyatining Konimex tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur tumanlarning chegaralari boshqaruv tizimini takomillashtirish zarurati tufayli oʻzgartirilmoqda. Bu esa boshqaruv tizimining samaradorligini oshirishga koʻmaklashadi. Hujjatda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanining 10651 gektar yeri, shu jumladan, Zafarobod shaharchasining 609,65 gektar yeri Navoiy viloyatining Konimex tumani tarkibiga oʻtkazilmoqda.

Shundan soʻng senatorlar qishloq xoʻjaligida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish hamda mazkur sohadagi norasmiy bandlik masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorovga parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqdilar.

5.JPG

Soʻrov yuborish tashabbusi Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan ilgari surildi.

Taʼkidlanganidek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborotiga binoan 2018-yilning birinchi yarim yilligida 2 milliondan ortiq kishi fermer xoʻjaliklarida ish bilan band boʻlgan. Ularning 500 mingdan ziyodi rasman ishga joylashtirilgan, qariyb 1,5 million kishi esa norasmiy band boʻlganlar. Senatorlar parlament soʻrovi yuborish tashabbusini qoʻllab-quvvatladilar.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduhakimovning axborotini eshitdilar.

Muhokama chogʻida “yoʻl xarita”sida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilmaganligi sabablari tanqidiy muhokama etildi, mavjud muammolarni bartaraf etish va ushbu Dasturni soʻzsiz ijro etish hamda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar bildirildi. Senatorlar Senat qarorini maʼqulladilar.

17.JPG

Shuningdek, senatorlar Buxoro viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini eshitdilar.

Qayd etilganidek, 2018-yil fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida belgilangan vazifalarni hisobga olgan hold aviloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmlari oʻsishi 102 foizga yetdi. 2017-yilda va 2018-yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatda 1 trillion 66 milliard 954 million soʻmdan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirildi, 2185 tadan ziyod loyiha roʻyobga chiqarildi, natijada 21854 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

2017-yilda va joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda qariyb 3800 ta xususiy tadbirkorlik va kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 14700 tadan oshdi. Tijorat banklari tomonidan ularga 2 trillion 157 milliard 400 million soʻmlik kredit mablagʻlari ajratildi.

Shu bilan birga, senatorlar Buxoro viloyatida hududlarni rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan qator muammo va kamchiliklar borligini, mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotganligini taʼkidladilar.

Muhokama yakunlari boʻyicha vazirliklar va idoralarning hamda joylardagi ijro hokimiyati organlarining hududni rivojlantirish masalalarini hal etish boʻyicha masʼuliyatini oshirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdi.

Oʻn oltinchi yalpi majlis davomida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlash va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan 21 ta masala, shu jumladan,14 ta qonun koʻrib chiqildi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Shu kunning oʻzida Senatning Matbuot markazida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchiyalpi majlisi ish yakunlariga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Temur Mamadaminov (surat), UzA