Yangi qonunlarda qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

2018 yil 27-28 sentyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi oldidan Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda “Uy-joy kommunal xizmatlarni koʻrsatish va aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokamasiga bagʻishlandi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 6 sentyabr kuni qabul qilingan“Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonun Oʻzbekiston fuqarolarini ham mamlakatimiz korxonalarida, ham xorijda ishga joylashtirish imkoniyatini oshirish va kengaytirishga, davlat xizmatlari va xususiy sektor tomonidan bandlikka koʻmaklashish mexanizmlarini aniq tartibga solishga, ishga joylashtirish xizmatlarini koʻrsatish tartibi va shartlarini, shu jumladan xususiy bandlik agentliklarining, korxonalarning va ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishga qaratilgan.
Qonunda “xususiy bandlik agentliklari” tushunchasi ochib berilmoqda, xususiy bandlik agentliklari xodimlari soniga va ularning rahbarlariga talablar qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu hujjatda xususiy bandlik agentliklari tomonidan shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar turlarining toʻliq roʻyxati keltirilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish, ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha xususiy bandlik agentliklari tomonidan taqdim etiladigan xizmat turlarining mazmun-mohiyati ochib berilmoqda.
Qonunda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi xususiy bandlik agentliklarida litsenziya boʻlishi zarurligi nazarda tutilmoqda, shuningdek mazkur xizmatlarni koʻrsatuvchi xususiy bandlik agentliklarining Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasida ellik ming AQSH dollari miqdoridagi oʻz mablagʻlarini zaxira qilib qoʻyish majburiyati joriy etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 30 avgust kuni qabul qilingan hamda “Uy-joy kommunal xizmatlarni koʻrsatish va aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maqsadi toʻlov intizomini mustahkamlashga, shuningdek, ayrim toifadagi I va II guruh nogironlariga imtiyozli pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan.
Qonunning 1-moddasiga muvofiq, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritildi. Jumladan, tegishli band bilan Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxat boʻyicha I va II guruh nogironligi boʻlgan erkaklarga kamida 25 yil ish staji, ayollarga kamida 20 yil ish staji boʻlgan taqdirda pensiya olish huquqi beriladi.
Mamlakatimizda 760 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatga olingan. Mutaxassislarning fikrlariga koʻra, ushbu oʻzgartish va qoʻshimchalar pensiya tarqatishda uchrayotgan kamchiliklar, notoʻgʻri hisoblashlarga barham berishga xizmat qiladi.
Qonunning 2-moddasiga muvofiq, Uy-joy kodeksining 134-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi. Xususan, davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar oldindan 100 foizlik haq toʻlash asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga oluvchilariga kommunal xizmatlar koʻrsatish majburiy toʻlovlar 3 oydan ortiq toʻlanmagan taqdirda toʻxtatib turiladi, bundan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanaliz atsiya) xizmatlari, shuningdek, elektrenergiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish mustasno.
Ushbu qonun qarzdorlikning oldini olish, kommunal soha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ichki infratuzilmasini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni jalb etishga xizmat qilishi aytildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA