Aeroportdan olib oʻtilayotgan noqonuniy narsalar ushlab qolindi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan poytaxtimiz aeroportida bir qator bojxona qoidabuzarliklar fosh qilinganligi haqida Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʼlumot bermoqda.
Jumladan, Bokuga parvozi oldidan fuqaro T.U.ning bezovtalanishi bejiz emas ekan. Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilganda ushbu shaxs oyogʻidagi paypogʻi ichiga 1280 AQSH dollarini yashirgancha olib chiqib ketmoqchi boʻlganligi aniqlandi.
“Nyu-York – Toshkent” reysi boʻyicha parvozini yakunlagan fuqaro D.X.esa bojsiz olib kirish meʼyorlariga zid ravishda, ruxsat etilgan 2 litr hajmda emas, balki qiymati 2,4 million soʻmdan ortiq 7,25 litr hajmdagi 7 shisha alkogolli ichimliklarni olib kirayotgan paytida toʻxtatib qolindi.
Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bojxonachilari “Toshkent-Ostona” reysi yoʻlovchilari orasidagi numizmatika “ishqibozi”ni “kashf” qildi.
Fuqaro O.A. bojxona nazoratidan oʻtishi vaqtida unga tegishli boʻlgan sumkasi bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida aytilmagan, olib chiqilishi taqiqlangan, jami 25 dona tarixiy ahamiyat kasb etuvchi tangalar borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

OʻzA