Klaster usulining afzalligi nimada?

Bugungi kunda har bir sohada innovatsiya va izlanish yangi yutuqlarga erishish, kuchli raqobat muhitida mustahkam oʻrin egallashda muhim omil boʻlmoqda. Xususan, mamlakatimizda agrar sohani yanada isloh qilish, qishloq xoʻjaligida zamonaviy usullardan oqilona foydalanishga qaratilayotgan alohida eʼtibor yuksak samaralar bermoqda.

Masalan, qishloq xoʻjaligida klaster usulining joriy etilishi yerni shudgorlashdan tortib, ekish, parvarishlash va xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayondagi koʻp bosqichli kompleks tizimga asos soldi. Ayniqsa, yengil sanoat korxonalarining xomashyo yetishtirish manbai sanalgan dehqon va fermer xoʻjaliklari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashda mazkur usul oʻzining afzal jihatlarini amalda isbotlayapti.

Xalqaro tajribada avtomobilsozlik, kimyo, farmatsevtika, elektrotexnika, toʻqimachilik va yengil sanoat mahsulotlari, qurilish, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, baliqchilik kabi koʻplab sohalarda ham klaster usulidan foydalaniladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda klaster uslubida faoliyat yuritadigan yengil sanoat korxonalari yanada qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xususan, Navoiy viloyatidagi “Baxt tekstil” va “Navbahor tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar asosida klaster usulida sifatli trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu klaster ishtirokchilari viloyatda paxta tolasini chuqur qayta ishlab, jahon bozori talablariga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradi.

– Viloyatimizning 33 ming 288 gektar maydonida yetishtirilayotgan paxta hududdagi yengil sanoat korxonalari tomonidan toʻliq qayta ishlanadi, – deydi Navoiy viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muzaffar Toʻraqulov. – Xususan, 5 ta tumanning 1 ming 251 fermer xoʻjaligi bilan ikkita yirik qayta ishlash fabrikasi oʻrtasida klaster yoʻlga qoʻyilgan. Asosiysi, joriy yilda korxonalar tomonidan hosil uchun qimmatlashgan narxlarda haq toʻlash belgilangan.

Viloyatning Navbahor va Konimex tumanlaridagi 319 fermer xoʻjaligining 8 ming 278 gektar paxta maydoni Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Navbahor tekstil” MCHJga biriktirilgan.

4 (1).JPG

10 (1).JPG
17.jpg
– Klaster usulining afzalligini ishlab chiqarish jarayonida koʻrmoqdamiz, – deydi ushbu korxonaning klaster boʻyicha agronomi Aziz Qurbonov. – Sababi, sifatli xomashyo yetishtirish hamda eksportbopmahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. Bugungi kunda “Navbahor paxta tozalash” zavodini ijaraga olib, joriy yilgi hosilni shu yerda qayta ishlash uchun barcha zarur tayyorgarlik koʻrildi. Allaqachon muddatini oʻtab boʻlgan eski texnologiyalardan voz kechib, zamonaviylarini oʻrnatdik. Ayni paytda hududda paxta tozalashga ixtisoslashgan mini-zavod va moy zavodi qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Mazkur obyektlarni 2019 yil terim mavsumiga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Mavsum avvalidan mirishkorlarning ogʻirini yengil qilish, ularga zarur sharoitlar yaratishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tuproq tarkibini chuqur tahlil qilishga moʻljallangan laboratoriya barpo etilib, zamonaviy jihozlandi.Ukraina va Rossiya davlatlaridan qoʻshimcha mineral oʻgʻitlar keltirilib, oʻz laboratoriyamizda paxta uchun dori vositalari tayyorlanganholda fermer xoʻjaliklariga doimiy yetkazib berildi.

Eng muhimi, dehqonning ish qurolini sozlash maqsadida mavsum boshida xorijdan qariyb 100 ta zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi, 60 ta agregat keltirildi. Bu, albatta, ish unumi va samaradorligini oshirish, yerning meliorativ holatini yaxshilash, talab darajasida ishlov berish, gʻoʻzani sifatli parvarishlashda muhim omil boʻldi. Shu bois, joriy mavsumda 24 ming tonna hosil yigʻish va uni nest-nobud qilmay terib olish moʻljallangan.

Yana bir eʼtiborli holat – korxona har bir fermerga zamonaviy uyali aloqa telefoni ajratib, ularni Telegram tarmogʻidagi klaster guruhiga ulab bergan. Buning afzalligi, fermerda yer bilan bogʻliq biror muammo yuzaga kelsa, tezkor axborot almashish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, elektron bank xizmati yoʻlga qoʻyilgani tufayli fermer dala shiyponidan turib bank bilan erkin aloqa qilishi mumkin. Moliyaviy masalalarda esa, endi vaqt sarflab tijorat bankiga borishiga hojat qolmaydi.

Viloyatda yengil sanoat korxonalarining klaster usulidan keng foydalanishi yetishtirilgan hosilni xomashyo tarzida xorijga arzon sotib, trikotaj mahsulotlarini qayta import qilish oʻrniga, shudgordan tayyor mahsulotgacha tizimini yoʻlga qoʻyish, eng muhimi, raqobatbardosh tovarlar bilan jahon bozoridan munosib oʻrin egallashga xizmat qiladi.

 

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), OʻzA