Yaʼni qonuniy asosga ega boʻlmagan, eng yomoni, haqqoniy tuzilmagan reyting bekor qilindi.
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan eʼlon qilingan 57 oliy taʼlim muassasasiga oid reyting eʼlon qilingan edi.
Mazkur reyting natijalari koʻpchilikda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda turli qarama-qarshi fikrlarga sabab boʻldi.
Adliya vazirligi mazkur jarayonni oʻrganib chiqdi. Vazirlikdan maʼlum qilishlaricha, reyting natijalari tahlil qilinganda, qator kamchiliklar aniqlangan. Davlat organlari tomonidan oliy oʻquv yurtlarining rasmiy reytingini belgilash boʻyicha tegishli normativ-huquqiy bazaning yoʻqligi bu boradagi jiddiy nuqsonlardan biri boʻlgan.
Reyting Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoʻshma qarori asosida tuzilgan. Mazkur hujjat Adliya vazirligida huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan. Shu bois, u yuridik kuchga ega emas va hech qanday huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Reytingni belgilash tartibining davlat roʻyxatidan oʻtmagani va oʻrnatilgan tartibda nashr etilmagani eʼtiborga olinsa, turli koʻrsatgichlar boʻyicha reyting natijalarini tuzishda oshkoralik boʻlmagani sababli ham turli noaniqliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Alohida koʻrsatgichlar, xususan oliy taʼlim muassasalarida dars beradigan xorijiy oʻqituvchilar haqidagi indikatorlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Oliy oʻquv yurtlari reytingini belgilashda ularning miqyosi, taʼlim yoʻnalishlari, iqtisodiy va kadrlar salohiyati, faoliyatining oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan koʻrsatgichlar boʻyicha differensial yondashuv qoʻllanilmagan.
Ayni paytda, reyting tuzuvchilar diqqat-eʼtiborini foiz koʻrsatgichlariga emas, son koʻrsatgichlariga qaratgan. Bu oʻz-oʻzidan, koʻp sonli fakultetlar, pedagoglar va talabalarga ega boʻlgan oliy oʻquv yurtlariga ustunlik bergan. Ayrim tushunarsiz sabablarga koʻra, garchi oliy taʼlim dargohlarining barcha yoʻnalishlarini kompleks va har tomonlarma oʻrganishda obyektiv toʻsiqlar boʻlmasa-da, tadqiqot bir yoqlama va faqat oliy oʻquv yurtlarning ilmiy-tadiqot faoliyatini tahlil etishdan iborat boʻlib qolgan.
Natijalar Reyting boʻyicha xalqaro ekspert guruhi (International Ranking Expert Group, IREG) tomonidan tasdiqlangan Oliy oʻquv yurtlari reytingini belgilash boʻyicha Berlin prinsiplariga toʻgʻri kelmasligi ham aniqlandi.
Yuqorida sanab oʻtilgan kamchiliklar sababli oliy taʼlim muassasalari reytingiga oid qoʻshma qaror Adliya vazirligining taqdimnomasiga asosan ijrodan qaytarildi. Yaʼni qonuniy asosga ega boʻlmagan, eng yomoni, haqqoniy tuzilmagan reyting bekor qilindi.
N.Abduraimova, OʻzA