Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Yuksaklikka yoʻl. Vestminster universiteti” (“Put k vosxojdeniyu. Vestminsterskiy universitet”), deb nomlangan hujjatli filmning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Film Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining 16 yillik tarixi, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlarga bagʻishlangan.

Ushbu universitet 2002-yilda Londondagi Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetning bakalavriat va magistratura boʻlimlarida “Iqtisodiyot va moliya”, “Biznesda axborot tizimi”, “Tijorat huquqi”, “Amaliy iqtisod”, “Xalqaro tijorat huquqi” hamda “Xalqaro biznes menejmenti”kabi yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim berib kelinmoqda. Shu kunga qadar mazkur universitetda 2 ming 100 dan ortiq yetuk mutaxassislar tayyorlangan.

Hujjatli film oʻzbek va rus tillaridan tashqari, ingliz tilida ham tayyorlangan boʻlib, uning taqdimoti kelasi yil Navroʻz bayrami arafasida Londondagi Vestminster universitetida namoyish etilishi rejalashtirilgan.

“Favvora-film” studiyasida suratga olinganfilm ssenariy muallifi – jurnalist Boris Babayev, rejissyor – Denis Kodzayev, operator – Abdulla Toʻlaganov.

Namoyishdan soʻng film haqida tomoshabinlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA