Toshkent shahar adliya boshqarmasida huquqiy targʻibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish, normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va tahlil qilish borasidagi faoliyati boʻyicha brifing tashkil etildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, advokatlik tuzilmalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Toshkent shahar adliya boshqarmasi va tuman adliya boʻlimlarining ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va tahlil qilish borasidagi faoliyati natijalari boʻyicha axborot berildi.
Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tuman tuzilmalarining elektron pochta manzillari va adliya organlari tomonidan yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlarning elektron shaklini qabul qilish boʻyicha masʼullar haqida maʼlumotlar bazasi shakllantirildi.
Brifingda aytilganidek, bugungi kunga qadar 2 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar elektron shaklda davlat organlari va tashkilotlariga hamda mahallalarga yetkazib berilgan. Uning mazmun-mohiyati aholiga tushuntirish boʻyicha amaliy seminarlar oʻtkazilgan. Shuningdek, Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga asosan adliya organlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyotini izchil va bir xilda taʼminlash boʻyicha choralarni amalga oshirilmoqda. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahridagi 184 davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati oʻrganilib, ularda 3 ming 943 qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.
Tadbirda sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan rivojlangan xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasini inobatga olgan holda takliflar bildirildi. Aniqlangan huquqni qoʻllash sohasidagi notoʻgʻri amaliyotni hamda qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.