Poytaxtimizda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuqori darajali milliy domenlar assotsiatsiyasining (APLTD) 20 yillik yubiley anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda 40 dan ortiq xorijiy davlatlarning vakillari, global tarmoqning yangi koʻrsatkichlari va protokollarini ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita qatnashuvchi internet mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad global tarmoqning yangi imkoniyatlari, xavfsizlik texnologiyalari haqida internet tizimi mutaxassislarining oʻzaro tajriba almashinuvini tashkil qilishdan iborat.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi yuqori daraja domenlar uyushmasi internet tarmogʻini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi murakkab mintaqaviy va global tizimga ega boʻlgan asosiy tashkilotlardan. U texnologik va operatsion masalalar boʻyicha tajriba almashish platformasi hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur uyushma domen nomlarini boshqarish boʻyicha xalqaro tamoyillarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda. Tashkilot 1998 yilda tashkil topgan, 2003 yilda Malayziyada oʻzining bosh shtabiga ega boʻldi. “Uz” milliy domen zonasi maʼmuriyati “Uzinfocom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi 2017 yilda APLTD aʼzosiga aylandi.
Assotsiatsiya aʼzoligiga kirish mamlakatimizda internet tarmogʻini rivojlantirishni boshqarish boʻyicha global darajadagi muloqotda ishtirok etish, xalqaro kun tartibiga axborot xavfsizligi, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, elektron hukumat va onlayn-biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirish singari muhim muammolar boʻyicha ilgʻor tajriba va yondashuvlarni ishlab chiqish singari yangi strategik imkoniyatlar eshigini ochadi.
Tadbirda internet infratuzilmasi va ularni boshqarish siyosatini rivojlantirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva, OʻzA