Nima uchun elektron chiptalar sinovdan oʻtolmadi?

Shu yilning 20 iyunidan boshlab “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qogʻoz shaklidagi oylik yoʻl chiptalari bilan birgalikda, 3 oy muddatga sinov tariqasida elektron oylik yoʻl chiptalari (EOYCH) joriy etilgan edi.
Mazkur elektron tizimni chuqurroq oʻrganish maqsadida axborot texnologiyalari sohasidagi yetuk mutaxassislar jalb qilindi. Shu tariqa, ushbu elektron tizimning yoʻlovchi uchun qay darajada qulayligi, ijobiy va salbiy jihatlari chuqur oʻrganildi.
Natijada, tigʻiz vaqtlarda yoʻlovchi tomonidan toʻlov amalga oshirish jarayonida chiptachiga ham bir martalik toʻlovni ham EOYCH qoʻlidagi qurilma (terminal)da qayd etish yuklanganligi, ammo bu jarayon uning kunlik rejasiga taʼsir qilmaganligi sababli salbiy natija koʻrsatdi.
Shuningdek, avtobuslarda elektron chiptalarni nazorat qilish borasida yuzaga kelgan noqulaylik natijasida yoʻlovchilar tomonidan bunday yoʻl chiptalaridan noqonuniy tarzda foydalangan vaziyatlar ham koʻplab kuzatildi.
Ana shunday holatlardan kelib chiqib, qolaversa, elektron oylik chiptalarining sinov muddati yakuniga yetganligini inobatga olib, tizim faoliyati kelasi oylarga uzaytirilmadi. Lekin, bu elektron toʻlov tizimi masalasiga nuqta qoʻyildi degani emas.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, soha mutasaddilari oldiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan jamoat transportlarida avtomat toʻlovni joriy etish boʻyicha xorijning yetakchi kompaniya va firmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belarus, Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari oʻrganilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” AJga chet ellik ekspertlarni jalb qilgan holda, Toshkent shahar transport tizimini tubdan rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan strategiyaga muvofiq yangi avtomatlashgan toʻlov tizimini joriy yilda boshlash rejalashtirilgan.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA