Respublika oliy taʼlim muassasalariga 2018/2019 oʻquv yilida bakalavriat va magistraturaga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun bazaviy kontrakt miqdorining birinchi yarmini toʻlash muddati 30 sentyabriga qadar uzaytirildi. Bu Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 17 sentyabrdagi bayoniga muvofiq belgilandi. Ilgari bu muddat 15 sentyabrgacha berilar edi.
Eslatib oʻtamiz, 2018 yil 1 sentyabrdan amaldagi toʻlov-kontrakt qiymatlari miqdorlari oʻrtacha 18,5 foizga yoki taʼlim yoʻnalishlariga qarab 12,3 foizdan 24,7 foizgacha oshirildi. Unga koʻra, bakalavr bosqichida — eng arzon kontrakt — eng kam oylik ish haqining 45 barobari, yaʼni 8 million 293 ming 500 soʻm (ilgari 6 million 650 ming); eng qimmat kontrakt — 60 barobar, yaʼni 11 million 58 ming soʻm (ilgari 9 million 850 ming). Magistraturada — eng arzon kontrakt — 49 barobar, yaʼni 9 million 30 ming 700 soʻm (ilgari 7 million 210 ming); eng qimmat kontrakt — 66 barobar, yaʼni 12 million 163 ming 800 soʻm (ilgari 10 million 830 ming)ga teng.
OʻzA