Ertaga Toshkent shahrida “Oʻzbekiston-Germaniya: xavfsizlik sohasi va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha hamkorlik” mavzusida anjuman oʻtkaziladi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi siyosiy jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilayotgan boʻlib, uning kun tartibidan oʻzbek-nemis aloqalari, tomonlarning xavfsizlik sohasi va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlashda dolzarb boʻlgan masalalarni yechishdagi koʻp qirrali hamkorligi muhokamasi oʻrin olgan.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, vazirliklar, idoralar, xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik korpus vakillari, mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA