Oʻzbekistonlik qizlar “Google” kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashdi

Joriy yil 6-10-avgust kunlari AQSHning Kaliforniya shtatida oʻtkazilgan “Technovation Challenge” xalqaro tanlovi finalida dunyoning eng yaxshi 12 jamoasi orasida oʻzbekistonlik yosh qizlar ham ilk bor oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi.
2010-yildan buyon dunyoning 80 mamlakatida oʻtkazib kelinayotgan ushbu texnologik ishlanmalar tanlovida qizlar jamoasi tuzilib, dolzarb masalani aniqlash, uni hal etish imkonini beruvchi ilova ishlab chiqishi va loyihaning moliyaviy jihatdan amalga oshirilishi uchun zarur kompaniyaga asos solish kerak boʻladi. Mazkur tanlovda ishtirok etgan qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturlash, jamoaviy ishlash hamda auditoriya bilan muloqot qilish koʻnikmalari rivojlanadi.
Tanlov finalida mashhur olim, dasturchilar va soha ishbilarmonlaridan iborat hakamlar yuzlab loyihalarni koʻrib chiqdi. Unda mamlakatimizning “Generation Z” jamoasi qizlari oilada gender tengligi, uy yumushlarini oʻgʻil va qiz bolalar oʻrtasida teng taqsimlashga moʻljallangan “ELIST” loyihasi taqdimotini namoyish etdi.
– Musobaqa finalida qatnashish uchun juda koʻp tayyorlandik, – deydi tanlov ishtirokchisi, “Generation Z” jamoasi aʼzosi Muslima Ahrorova. – Loyihamiz barchaning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Muhimi, bilimimni oshirib, koʻplab doʻstlar orttirdim. Tanlov doirasida turli joylarga sayohat qildik. Jumladan, “Google” kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashuvmiz menda katta taassurot qoldirdi.
Yakunda Sevinch Sharifjonova, Muslima Ahrorova, Tamila Sagindikova va Farangiz Muratovalarning taqdimot ishlari hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholandi. Ular tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

 

A.Musayev, OʻzA