Samarqandda Veterinariya meditsinasi instituti ochildi

Mehmonlar dastlab institutning “Yoshlar innovatsion markazi”da boʻlib, yangi loyihalar va bosh binosida tashkil etilgan koʻrgazmalar bilan tanishdi.
 
4.jpg
– Kelgusida Oʻzbekiston veterinariyasi istiqboli yanada yuksaladi, – deydi institut professori “El-yurt hurmati” ordeni sohibi D. Abdukarimov. – Oliy dargohni bitirgan talabalar zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, doimo el-yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusi bilan yashaydigan, yetuk va tajribali mutaxassis boʻlib yetishadi. Ana shunda oradan yillar oʻtsa-da, veterinariya meditsinasi institutining tashkil etilishi veterinariya tarixida oʻchmas sahifa boʻlib qoladi.
7.jpg
Ushbu institutning ochilishiga sabab nima? Bundan qanday oʻzgarishlar yoki yutuqlar kutilmoqda?
8.jpg
Shu oʻrinda qayd etish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili 9 dekabrda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida agrar sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan kadrlar yetishmayotgani, ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligi alohida qayd etilgan edi.
10.jpg
Chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash boʻyicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayotganligi, chorvachilik sohasida yetakchi boʻlib kelgan yurtimizda bugun zotdor mollarni faqat chetdan olib kelish bilan cheklanib qolayotganimizni hech nima bilan izohlab boʻlmasligiga toʻxtalib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va qatʼiy topshirigʻi asosida jahonning ilgʻor tajribalari oʻrganilgan holda takliflar tayyorlanib, sohaning zamon talablari asosida rivojlanishini hamda malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida 2018 yil 8 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Institut oldiga, soha uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, rivojlangan xorijiy davlatlarning veterinariya va chorvachilik sohasi boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganish asosida taʼlim jarayonlariga tatbiq etish, taʼlim berish jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash kabi bir qator vazifalar belgilab berildi.
Demak, kelgusida yurtimizda chorvachilik tarmoqlarining rivojlanishida mazkur taʼlim dargohi muhim vazifalarni bajaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat veterinariya qoʻmitasi raisi B.Norqobilov, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari R. Qobilov, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori X.Yunusovlar institut ochilish marosimining ramziy lentasini kesish jarayonida ishtirok etdi.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA