Oʻzbekistonda ilk pulli trassa quriladi

Bunyodkorlik ishlarini 2019-2020 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yaqinda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasida qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov boshchiligida Turkiyaning Cengiz – Kolin — Kalyon kompaniyalar konsorsiumi bilan birinchi ishchi uchrashuv tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabariga tayanib xs.uz maʼlum qilishicha, muzokaralarda davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida “Toshkent – Samarqand” yoʻnalishi boʻylab yoʻl qurilishi loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun, mazkur tashabbus turk investorlari tomonidan taqdim etilgan loyihalar portfelidan joy olgan boʻlib, Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdogʻanning shu yil yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chogʻida imzolangandi.
Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston tomonidan rasmiy sherik sifatida ishga kirishadi.
Loyihani ishlab chiqishda magistralni yashash hududlaridan uzoqroqdan olib oʻtish, yaylov va qishloq xoʻjaligi hududlari hamda atrof muhitga minimal taʼsir qilishni inobatga olish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Bunyodkorlik ishlarini 2019-2020-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, ilk pulli avtomobil trassasi Toshkent va Samarqand oʻrtasidagi masofani ikki soatga qisqartiradi.

 

OʻzA