Tanqidiy-tahliliy oʻrganish natijalari xalq taʼlimi tizimi boshqaruvida jiddiy kamchiliklar borligini koʻrsatmoqda.
Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 5 sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida qayd etildi.
Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining faoliyatini amaliy jihatdan muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirishda bir qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.
Bular:
– joylarda umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, umumtaʼlim muassasalari rahbarlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish masalalarini hal etish, idoraviy mansub tashkilotlarning mulkidan samarali foydalanishda xalq taʼlimi boshqaruv organlari rolining yetarli darajada emasligi;
– umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga ularga xos boʻlmagan vazifalar va funksiyalarni yuklash, muassasa direktori va uning oʻrinbosarlari oʻrtasida vakolatlarning aniq taqsimlanmaganligi,ular faoliyati samaradorligini baholashning aniq mezonlari va parametrlari mavjud emasligi;
– umumiy oʻrta taʼlimning dolzarb masalalari va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi, oʻquv-tarbiya jarayonini uslubiy taʼminlash masalalarida xalq taʼlimi boʻlimlari va umumtaʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik darajasining pastligi;
– rahbarlar, oʻqituvchilar va umumtaʼlim muassasalari boshqa xodimlarining kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvdan himoya qilish mexanizmlarining samarasizligi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan maktablarni tekshirish haddan ziyod koʻpayib ketganligi;
– taʼlim sifatini taʼminlash, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish masalalarida umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasining yetarli darajada emasligi, oʻquv-tarbiya jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining mavjud emasligi;
– xalq taʼlimi tizimi muassasalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash mexanizmining mukammal emasligi, ularning faoliyatiga zamonaviy meʼmoriy yechimlar, innovatsion ishlanmalarniva axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi kabilardir.
Ayni muammolarni qonuniy yoʻl bilan bartaraf etishda mazkur farmon muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
OʻzA