Hujjatlarni imzolash marosimidan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi.
Prezidentlar muloqotlar ochiq, doʻstona va amaliy ruhda oʻtganini, hamkorlikni rivojlantirishga doir keng qamrovli masalalar atroflicha muhokama etilganini, ularning barchasi yuzasidan fikrlar bir joydan chiqqanini taʼkidladilar. Imzolangan hujjatlar Oʻzbekiston va Misrning uzoq muddatli manfaatlariga, ikki mamlakatni rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
– Misr Prezidentining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida chindan ham tarixiy ahamiyatga ega boʻldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Biz ikki tomonlama munosabatlarga doir hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdik. Ishonchim komilki, ushbu kelishuvlar Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi munosabatlarni sifat va mohiyat jihatidan boyitib, oʻzaro manfaatli hamkorligimizni yangi, yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.
– Oʻzaro samimiy muloqot va Misr delegatsiyasiga koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga oʻz tashakkurimni izhor qilaman, – dedi Abdulfattoh as-Sisi. – Bugungi imzolangan hujjatlar yaqin kelajakda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik koʻlamini kengaytirish vajadallashtirishga turtki boʻladi. Ushbu kelishuvlar ikki mamlakat va xalqlarimizning bir-biriga boʻlgan intilishlari samarasidir.
Abdulfattoh as-Sisi Shavkat Mirziyoyevni Misrga tashrif bilan borishga taklif etdi.
Matnazar Elmurodov, OʻzA