Belarus – Oʻzbekistonning ishonchli sheriklaridan biri. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik mustaqillik yillarida yanada mustahkamlanib, yangi mazmun kasb etdi.
Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich OʻzA muxbiriga intervyu berdi.
– Elchi janoblari, mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstona aloqalar oʻrnatilgan. Hamkorligimizni rivojlantirish yoʻlida erishilgan yutuqlar toʻgʻrisida nima deya olasiz?
– Avvalo, Oʻzbekiston va Belarusni hamisha doʻstlik rishtalari, ochiq muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlari bogʻlab turganini qayd etmoqchiman.
Belarusda Oʻzbekiston bilan oʻzaro munosabatlarni yanada kengaytirish masalasiga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25 yilligiga kelib barcha yoʻnalishlardagi hamkorlik munosabatlari yanada faollashdi.
Oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik Belarus va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarning asosini tashkil etayotgani juda muhim. Davlatlarimiz iqtisodiyoti deyarli raqobat qilmaydi va bir-birini toʻldirishga qodir.
OʻzbekistonBelarusning Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlaridan biridir. 2017 yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 2 barobardan oshdi va 131 million AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilda ham ijobiy oʻsish surʻatlari saqlanib qolmoqda – 2018 yilning birinchi yarmida tovar aylanmasi hajmi 90million AQSH dollaridan oshdi.
Parlamentlarimiz oʻrtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda, Belarus va Oʻzbekiston vazirlik va idoralari, jamoat, yoshlar va ijodiy tashkilotlari oʻzaro hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimiz hududlari kesimidagi hamkorlik yanada faollashdi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Ilm-fan va taʻlim yoʻnalishlarida tajriba almashish, taʻlim olish va mutaxassislar malakasini oshirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shu yil aprel oyida Oʻzbekistonda Belarus Respublikasi madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Belarus xalqi ham oʻzbek sanʻat ustalarining yurtimizga tashrifini intiqlik bilan kutmoqda.
– Elchi janoblari,Oʻzbekistonda Belarus – Oʻzbekiston qoʻshma korxonalari tashkil etiladimi?
– Ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirishga hamkorligimizning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Oʻtgan yili Oʻzbekiston hududida Belarusning “Amkodor” va “Bobruyskagromash” xolding kompaniyalari tomonidan yoʻl qurilishi va qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etildi.
Toshkentda “Minsk traktor zavodi” OAJ bilan traktor ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etildi va muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, Toshkentda Belarus kompaniyasi tomonidan oziq-ovqat sanoati va veterinariyada qoʻllaniladigan reagentlar ishlab chiqarish boʻyichaqoʻshma korxona tuzilgan.
Oʻzbekistondatalab yuqori boʻlgan tibbiy preparat va buyumlarni ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar ishga tushish arafasida. Bundan tashqari, mamlakatingizda yengil sanoat sohasida qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha ishlar ketmoqda.
Biz Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish dasturiga oʻz hissamizniqoʻshish hamda oʻzbekistonlik sheriklarimiz bilan birga ichki bozorni toʻldirish va uchinchi davlatlarga eksport qilishga qaratilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy, yuqori texnologiyali qoʻshma korxonalar tashkil etishga hamisha tayyormiz.
– Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi, qayta ishlash sanoati sohalarini modernizatsiya qilish hamda mamlakatlarimizning bu boradagi hamkorligini rivojlantirish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
– Oʻzbekiston mustaqillik yillarida milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, jumladan, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boʻyicha muhim qadamlarni qoʻydi.
Mamlakatda gʻalla, kartoshka, meva-sabzavotlar, poliz, goʻsht-sut mahsulotlari yetishtirish hajmi yil sayin oshmoqda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda.
Oʻzbekistonning totli mevalari, sabzavot, yongʻoq va quruq mevalari belaruslik xaridorlarga yaxshi tanish. Ushbu mahsulotlarni Belarus bozoriga yetkazib berish hajmini oshirish zarur.
Biz ham, oʻz navbatida, sut mahsulotlari va chorvachilik komplekslari, meva-sabzavot omborxonalarini tashkil etish va yuritish boʻyicha tajriba almashish, zarur uskunalar, texnologiyalarni yetkazib berish, Belarusdan nasldor qoramollar keltirishni tashkil qilishgadoimo tayyormiz.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida seleksiya va navlarni sinash sohalari boʻyicha faol va istiqbolli hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Agrar sohada taʻlim va bu borada qoʻshma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish yoʻnalishidagi aloqalarimiz istiqbolli sanaladi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi qurish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik istiqbollari haqida nima deya olasiz?
– Yadro energetikasi sohasidagi aloqalar oʻzaro hamkorligimizning yangi yoʻnalishi boʻlishi mumkin.
Belarus yaqin orada rossiyalik sheriklar bilan oʻz AESi qurilishini yakunlaydi. Birinchi energoblokni 2019 yilda, ikkinchisini 2020 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Maʻlumki, Oʻzbekiston 2028 yilgacha AES qurishni rejalashtirgan.
Belaruslik loyihalash va qurilish tashkilotlari atom energetika obyektlarini qurish boʻyicha maʻlum tajribaga ega. Mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida yurtimiz yangilangan energetika tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlovchi yangi taʻlim yoʻnalishlari ochildi.
Belaruslik mutaxassislar Oʻzbekistondagi AES qurilishida bevosita ishtirok etibgina qolmay, balki texnika va uskunalar bilan taʻminlash, maslahat yordami koʻrsatish, kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirishni tashkil etishga ham tayyordir.
– Yaqinda Belarus Prezidentining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Ushbu tashrifdan qanday natijalar kutilmoqda?
– Belarus ushbu oliy darajadagi tashrifga katta ahamiyat qaratgan. Ishonamanki, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uchrashuvi mamlakatlarimiz hamkorligining barcha yoʻnalishlarini yanada mustahkamlash uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
– Oʻzbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz.
– Mamlakatingizning eng ulugʻ bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasiga ravnaq, belarus xalqi bilan mustahkam doʻstlik va hamkorlik rishtalari bogʻlab turgan xalqingizga esa tinchlik, omonlik va farovonlik tilayman!