Mehrga yoʻgʻrilgan musiqiy oqshom

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston xalq artistlari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva ishtirokida konsert boʻlib oʻtdi.

Musiqiydastur oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun uchrashuv tashkil etildi.

Unda qayd etilganidek, mamlakatimizda milliy madaniyatimiz va sanʻatimizni ravnaq toptirish, uning asrlarga tutash anʻana va maktablaridan yosh avlodni bahramand etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Prezidentning 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʻatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gihamda 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom sanʻati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorlarimilliy maqom sanʻatining noyob namunalarini keng targʻib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz sanʻatimizga hurmat va eʻtibor tuygʻularini kamol toptirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʻnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Milliy maqom sanʻati rivoji yoʻlida koʻrsatilayotgan ezgu saʻy-harakatlarda mumtoz sanʻatimiz ravnaqi yoʻlida uzoq yilllar mobaynida samarali mehnat qilgan sanʻatkorlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, mehnatini eʻzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatishga alohida eʻtibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-17 may kunlari AQSHga rasmiy tashrifi chogʻida oʻzbek maqom sanʻatini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targʻib etishga qoʻshgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni berilgani eʻlon qilindi. Izro Malakov bunday yuksak eʻtibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Shu kunlarda qutlugʻ sakson yoshni qarshilagan ustoz sanʻatkor AQSHda maqom sanʻati bilan birga oʻzbek madaniyati, anʻanalari, urf-odatlarining eng faol targʻibotchisi, mumtoz musiqaning jonkuyar murabbiyi sanaladi.

Shu kunlarda xalqimizning suyukli xonandalari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva Oʻzbekistonda mehmon boʻlib turibdi.

– Oʻzbekiston – buyuk, toʻrt fasli toʻkis diyor, – deydi I.Malakov. –Butun dunyo taʻlim-tarbiyani Oʻzbekistondan oʻrgansa arziydi. Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga musharraf boʻlganimda gʻoyat toʻlqinlanib ketdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqt mobaynida xalqning qalbidan oʻrin olgan, uning mehriga sazovor boʻlgan davlat rahbari sanaladi. Oʻzbek xalqining mehnatsevarligi, tantiligi maʻlum va mashhur.

– Oʻzbekistondek yurt dunyoda yoʻq, – deydi M.Shamayeva. – Samolyotdan tushgan zahotim shu tabarruk diyor tuprogʻini oʻpdim. Bu aziz yurtning obroʻsi yanada yuksalishini tilayman.

Konsertda Vatan sogʻinchi, yurtdoshlarga mehr-muhabbat, chin insoniy tuygʻularni tarannum etuvchi qoʻshiqlar yangradi.

 

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat)OʻzA