Hech bir narsa mamlakat dovrugʻini dunyoga sportchalik tez tanita qila olmaydi. Yurtimizda yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugungi kunda bu imkoniyatdan unumli foydalanayotgan yoshlar chin maʻnoda yurt iftixoriga aylanishmoqda.
1998-yil 28-avgustda taʻsis etilgan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni ana shunday sportchi yurtdoshlarimiz samarali mehnatining amaldagi eʻtirofiga aylanmoqda.
“Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni qitʻa va jahon chempionatlari, Olimpiya oʻyinlari hamda boshqa nufuzli sport anjumanlarida zafar qozongan, oʻz yutuqlari bilan Vatanimiz shonu shuhratini yanada yuksaltirishga munosib hissa qoʻshganlarga beriladi.
Koʻkrak nishoni 1 mikron qalinlikda tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanib, diametri 36 millimetrli doira shaklida boʻladi. Nishonning hoshiyalangan tekis yuz tomonida kumushrang yugurish yoʻlkalari bilan oʻralgan stadion tasviriga tutash Olimpiya oʻyinlari ramzi – besh halqa, shuningdek, davlatimiz gerbini tutib turgan ikki qoʻl ifodalangan.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʻtibori va nufuzini oshirishga qoʻshgan salmoqli hissasi, professional mahorati va yorqin isteʻdodi bilan sport sohasida yuqori natijalarga erishgan bir qancha sportchilarimiz “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
– “Oʻzbekiston iftixori” koʻkrak nishoniga munosib koʻrishganida, ochigʻini aytsam, judayam quvonganman. Bunday eʻtirofdan kuchimga-kuch qoʻshilgan, – deydi “Oʻzbekiston iftixori” koʻkrak nishoni sohibi, mahoratli bokschi, XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlarining oltin medali sohibi Shahobiddin Zoirov. – Kelgusida ham bunday yuksak ishonchni oqlashga harakat qilaman, albatta.
Ona Vatanga munosib farzand boʻlib, mamlakat iftixoriga aylanish har bir inson, ayniqsa, sportchi uchun bemisl sharaf, oliy saodatdir.
I.Ahatova, OʻzA