Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida davom etayotgan XVIII Osiyo oʻyinlarining sakkizinchi kungi bahslarida atletlarimiz yana bir oltin medalga sazovor boʻlishdi. Ogʻir atletika boʻyicha 105 kilogacha vaznli polvonlar oʻrtasidagi bellashuvlarda yurtimiz sharafini Osiyo va jahon chempioni, Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, Vatanimiz faxri Ruslan Nuriddinov himoya qildi. Ushbu vazn toifasida jami 7 nafar atlet gʻoliblik uchun supachaga chiqishdi.
Hali bahslar boshlanmasidanoq hamyurtimizning oltin medalga eng asosiy daʻvogar ekanligi koʻrinib qoldi. Chunki Ruslan dast koʻtarishdagi ilk urinishi uchun 185 kg, siltab koʻtarishda esa 225 kilogrammli toshlarga buyurtma bergan boʻlsa, unga jiddiy raqobat taqdim etishi kutilgan iroqlik polvon Salvon Jasim Abbud Alaifuri mos ravishda 179 va 222 kg. toshlarni buyurtirgan edi.
Dast koʻtarish bellashuvlarida aksariyat sportchilar Ruslanning ilk urinishigacha ham yetib borisholmadi. Misol uchun, eronlik ancha nomdor atlet, 2016 va 2017 yillardagi Osiyo chempioni Muhammadrizo Barori oʻz ishtirokini 176 kilogramm bilan yakunlashga majbur boʻldi. Faqat Eron terma jamoasining boshqa bir aʻzosi Ali Hoshimiygina Ruslanga yaqinroq keldi, u oʻz ishtirokini 184 kilogramm natija bilan yakunladi. Nuriddinov esa ilk urinishida 183, keyingisida 187 va nihoyat uchinchi urinishda 191 kilolik toshlarni oʻziga buysundira oldi hamda oltin medal sari muhim qadam tashladi.
Siltab koʻtarish musobaqalari ham hayajonlarga boy kechdi. Bu yoʻnalishda Nuriddinov oʻz ishtirokini 222 kilogrammlik toshni koʻtarish bilan boshladi va mana shu natijaning oʻziyoq amalda uni Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylantirdi. Keyingi urinishda hamyurtimiz oʻz natijasini yaxshilash uchun supachaga chiqdi va ikkinchi urinishda 230 kilogramm natijani oʻziga buysundirdi. Ikkikurashda Nurudinov 421 kilogramm natija bilan Osiyo oʻyinlari rekordini yangiladi.
OʻzA