Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025 yil 1 fevraldan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolgani natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun Bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu xizmatning asosiy maqsadi bolalarning oiladan ajralib qolishining oldini olish hamda onalarning farzandlarini mustaqil parvarish qilish qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashishdir.

Bunda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, ularda onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi.

Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi – ushbu xizmat faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA