O‘tgan yilda yurtimizda 2023 yilga nisbatan ayrim o‘tkir respirator kasalliklarning pasayishi kuzatildi

287

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida respublikada olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qo‘mita mutasaddilari, sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda aholining migratsiya jarayoni misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda. Tabiiyki, bu hol, o‘z navbatida, respublikamiz hududiga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishi xavfini oshiradi. Ushbu kasalliklarning yurtimiz hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegarasi o‘tish joylarida 53 ta sanitariya karantin punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2024 yilda kuydirgi kasalligini aniqlash maqsadida kuydirgi tuproq o‘choqlaridan respublika bo‘yicha 13 ming 326 ta namunalar olinib, tekshirildi.

2023 yilga nisbatan virusli gepatit “V“ kasalligining 32,8 foizga, gepatit “S“ning 0,15 foizga, gepatit “A“ kasalligining esa 5,2 foizga kamayishi kuzatildi.

O‘tgan yilning yanvar oyida qizamiq bilan kasallanish 5  ming 36 holatda qayd etilgan edi. Ko‘rilgan choralar, emlash ishlarining jadallashtirilishi natijasida 2025 yilning yanvar oyida ushbu kasallikning qayd etilishi 45 baravarga kamaydi.

Shuningdek, 2024 yilda 2023 yilga nisbatan ayrim o‘tkir respirator kasalliklar: gripp 7,3 foizga, O‘RVI 6,6 foizga pasaydi.

Sanitariya-epidemiologiya sohasida bir nechta yo‘nalishlarda elektron raqamlashtirish tizimi tashkil etildi. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida Yuqumli kasalliklar elektron monitoringi (YKEM) yaratildi. Bunda yuqumli kasalliklarning epidemiologik nazorati raqamlashtirish orqali takomillashtiriladi. Bundan tashqari “Elektron vaksina logistikasini boshqarish tizimi” ishga tushirildi. Bu, vaksinalarni viloyatlarga yuborish, viloyatlardan esa tumanlarga, tumanlardan davolash-profilaktika muassasalariga sifatli va sovuqlik zanjiriga rioya qilgan holda yetkazilishini kuzatishga imkon beradi.

Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Mohigul Qosimova,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA