Adabiyotning yangi poetik yo‘lga chiqishida Zulfiyachi qizlarning hissasi katta

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Zulfiyaxonim qizlari” klubining hisobot-anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoira Farida Afro‘z va boshqalar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti iste’dodli qizlarni yangidan-yangi marralar sari chorlashda, ularning faoliyatini xalqimizga kengroq tanishtirishda, har jihatdan rag‘batlantirishda katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Anjumanda Zulfiyaxonim izdoshlarining adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib borayotgan vakillari ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.
–Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlar nainki shoira, balki iste’dodli tashkilotchi sifatida ham xalqimiz va jamiyatimizga foydasi tegishi kerak deb o‘ylayman, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, akademik, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Aslida ularning ijodini Zulfiyaxonim, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva singari ulug‘vor shoiralarimiz ochib berishlari kerak edi. Guljamol, Mehrinoz, Hulkar, Sarvinoz, Ruxsora, Madina, Feruza, Mohira, Yulduz va yana ko‘plab Zulfiyachi qizlarimizning ijodini o‘rganib, ularga qoyil qolmaslikning, hayratlanmaslikning iloji yo‘q. Ularning ijodida poetik fantaziya, kelajakka teran nigoh tashlash nihoyatda kuchli ekanini kuzatish mumkin. Bu ijoddan bahramand bo‘lgan inson juda mo‘’jizakor olamlarga duch kelish mumkin.
Ular adabiyotning yangi qonuniyatlari, qoidalarini topishga intilmoqdalar. Zulfiyachi qizlarga hozirgi tanqidchilarning qudrati yetishi qiyin. Qizlarimiz o‘z ijodida o‘zlarining yangi qiyofalarini yaratishga intilmoqda. Adabiyotning yangi poetik yo‘lga chiqishida Zulfiyachi qizlarning hissasi katta. Qizlarimiz shu yo‘ldan izchil borsalar, keyingi o‘n yil ichida adabiyotning yangi yo‘llarini o‘zlariga bo‘ysundiradi, tobe etadi, ochadi. Ularning ijodini kelajak adabiyotiga qilingan o‘ziga xos razvedka sifatida ham atash mumkin.
– Men 2024 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha sazovor bo‘lganman, – dedi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti magistranti Mohira Eshpo‘latova.– Asosan nasrda ijod qilaman. “Olov raqsi” va “Qirq birinchi kun” nomli hikoyalar to‘plamlarim kitob holida nashr etilgan. Bugungi uchrashuvda ustozlarimiz bizning ijodimizga juda yuqori baho berishlaridan ko‘nglimiz osmon qadar yuksaldi. Bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Bunday uchrashuvlarda Zulfiyaxonim qizlarining bir joyga to‘planishi juda muhim. Negaki, bu kabi uchrashuvlar o‘zaro fikr almashish, diydorlashuv imkonini berdi. Zulfiyachi qizlar adabiyotni yangilaydi, deb ta’kidladilar. Bu biz uchun juda yuksak e’tirof. Ana shunday bahoga munosib bo‘lishga harakat qilamiz.
Adabiy uchrashuvda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlarning ijod yo‘li xususida batafsil so‘z yuritildi. Kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri