O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasiga rais saylandi

279

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul vakili Kamil Bayazitov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, shuningdek, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi rayosat a’zolari va terma jamoa murabbiylar shtabi hamda sportchilar ishtirok etdi.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov so‘zga chiqib, yakunlangan yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik rejalariga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng, federatsiyaga yangi rahbar tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi tashkilot raisligiga O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov nomzodini ilgari surdi.

Bildirilgan fikr-mulohazalarga asosan yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan Sherzod Hidoyatov mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisi etib saylandi.

Hisobot-saylov konferensiyasi davomida 2024 yil “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatida vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilarning bir guruhi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan munosib taqdirlandi.

Yig‘ilish so‘ngida Sherzod Hidoyatov 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish davrida mahoratli sportchilarni tayyorlash, og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA