Tramp qo‘shni yurtlarga bosimni kuchaytirmoqda

290

AQSH Prezidenti Donald Tramp 1 fevraldan boshlab Kanada va Meksikadan kirib keladigan mahsulotlarga 25 foizlik chegara solig‘i, ya’ni oshiqcha tarif qo‘yish orqali zarba berishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC yozgan.

Ushbu qaror neft uchun ham joriy qilinadimi yoki yo‘qmi, bunga oydinlik kiritilmagan. Ayni qadam hujjatsiz muhojirlar va chegarani noqonuniy kesib o‘tuvchilar oqimini to‘xtatish, shuningdek savdodagi kamomadni to‘ldirish maqsadini ko‘zlaydi.

Amerika rahbari Xitoy Xalq Respublikasi ham yangi soliqlar bilan siylanishini istisno qilmay, oy boshidan Chin davlatiga nisbatan 10 foiz tarif amal qilishini bildirdi.

Qo‘shma Shtatlar yetakchisi saylov kampaniyasi davrida XXR ishlab chiqargan tovarlarga 60 foizgacha boj belgilash bilan tahdid qilgan edi, biroq Oq uyga qaytgach, biroz ehtiyorkorlikni afzal ko‘rib, ma’muriyatga ushbu masalani o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

2018 yildan beri Xitoydan AQSHga eksport miqdori bir tekis kamayib kelmoqda. Bu holatni iqtisodchilar qisman Trampning birinchi muddati davrida joriy qilingan orttirilgan tariflar bilan bog‘laydi.

Ayni payt Kanada va Meksika ehtimoliy choralarga munosib javob berishini ta’kidlagan. Ya’ni, AQSH neftga qo‘shimcha soliq solsa, Trampning yashash xarajatini kamaytirish bilan bog‘liq va’dasiga putur yetishi mumkin. Zero, mamlakat energiyani qayta ishlash zavodlari orqali o‘tadigan xom neftning taxminan 40 foizi chetdan kirib keladi va bu miqdorning salmoqli qismini Kanada yetkazib beradi.

Musulmon Ziyo, O‘zA