AQSH samolyoti halokati qurbonlari aniqlanmoqda

284

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida Vashingtondagi Ronald Reygan nomli xalqaro aeroport yaqinida, Potomak daryosi uzra to‘qnashgan samolyot va vertolyot halokatida hech kim omon qolmagani ta’kidlangan.

CBS tergovdan xabardor huquq-tartibot idoralari vakiliga tayanib  ma’lum qilishicha, kecha aviahalokat sodir bo‘lgan joyda ishlayotgan qutqaruvchilar 40 kishining jasadini topgan.

– 40 insonning tanasi va yana bir necha kishining jasadi bo‘laklari topildi, – deya manbadan iqtibos keltirgan telekanal. – Halok bo‘lganlarni qidirish kechasi to‘xtatilib, kunduzi davom ettirilmoqda.

“NBC Washington” telekanali esa rasmiylarga tayanib, qutqaruvchilar vertolyot sahnidagi uch marhum askarni ham aniqlagani to‘g‘risida axborot uzatdi.

Tasdiqlangan ma’lumotga ko‘ra, havo kemasida 60 yo‘lovchi va ekipajning to‘rt a’zosi, vertolyotda esa uch nafar pilot bo‘lgan.

Fojiadan hech kim omon qolmaganini Prezident Donald Tramp ham tasdiqladi. Oq uy matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mamlakat rahbari Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA)ga zudlik bilan Qo‘shma Shtatlarda aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish buyurilgan memorandumni imzolagan.

Nazoratni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakat doirasida Tramp FAA ma’muriga o‘rinbosar tayinlash qarorini ham ma’qulladi. Ta’kidlanishicha, xodim yollashda malakali mutaxassislarni saralashga alohida e’tibor qaratiladi.

Milliy transport xavfsizligi kengashi  voqea sabablari to‘liq aniqlanmaguncha, tergov davom ettirilishini ma’lum qilgan.

Darvoqe, Tramp halokatga Bayden jamoasi aybdorligini ham eslatib o‘tdi. Ya’ni, avvalgi prezident ma’muriyatini xavfsizlik hisobiga inklyuzivlikka haddan ziyod e’tibor bergani uchun tanqid qildi.

– AQSHning yangi ma’muriyati tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlardan biri xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik siyosati bekor qilinishidir, – degan u.

S.Rahimov, O‘zA