Bugungi kunda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish maqsadida keng-ko‘lamli vazifalar amalga oshirilmoqda. Xususan, agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan “Mutolaa”, “Ibrat Farzandlari”, “USTOZ AI”, “Yoshlar uchun ming kitob”, “WikiStipendiya”, “Qizlar akademiyasi”, “Top 100”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Modul5” kabi loyihalar orqali minglab yoshlarimiz til o‘rganib, kasb egasi bo‘lmoqda.

Jumladan, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 1,4 milliondan ortiq yosh 23 ta xorijiy tilni, ʼʼUstoz AI” loyihasi doirasida 83,1 ming nafar yosh 40 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn o‘rganmoqda.

Xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasidagi sertifikatga ega bo‘lgan 35,2 ming nafar yoshga 64,4 milliard so‘m, shundan, joriy yilda 12,3 ming nafar yoshga 24 milliard so‘m imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.

Yoshlarga zamonaviy kasblarni o‘rgatadigan birgina “USTOZ AI” loyihasida yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni taqdim etish orqali ularning bandligini ta’minlash va hayotga innovatsion yondashuvini shakllantirish maqsad qilingan. Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni ijrosi doirasida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Loyiha orqali yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan maxsus platforma ishga tushirilib, 40 dan ortiq zamonaviy kasblar onlayn formatda o‘rgatiladi.

Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi ta’minlanib, tashqi mehnat migratsiyasidagi yoshlarning 10 foizidan 30 foizigacha qismi bandlik bilan ta’minlanadi.

“USTOZ AI” zamonaviy kasblar bilan shug‘ullanuvchi yetakchi mutaxassislarning professional videodarslarini tayyorlash va platformaga joylashtirish, yoshlar o‘rtasida zamonaviy kasblarni ommalashtirishga ham xizmat qiladi. Unda 14-30 yoshdagi maktab o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etishi mo‘ljallangan.

Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, “Ustoz AI” loyihasi doirasida hozirgi kunga qadar 20 ga yaqin soha, jumladan, jamoatchilik munosabatlari, video-montaj, mobilografiya, target, axborot texnologiyalari, arxitektura, matematika fanlarini qamrab oluvchi 350 dan ortiq videodarsliklar yaratilgan. Bugungi kungacha 70 mingdan ko‘p yoshlar loyiha doirasida bepul bilim olishni boshladi. “USTOZ AI” loyihasi yoshlar uchun zamonaviy bilim va imkoniyatlar eshigini ochib, ularning muvaffaqiyatli kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA