2024 yil 22 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 million gektar bo‘lib, mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etadi.
Ammo, so‘nggi paytlarda noqonuniy ov qilish, brakonerlik tufayli hayvonot va nabotot olamining ayrim turlari soni tobora kamayib, tabiatga jiddiy zarar yetmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yilda 1 ming 637, 2023 yilda 1 ming 522, joriy yilning 6 oyida esa 449 daraxtni qasddan shikastlantirish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar aniqlangan.
O‘rganishlar sohada qonunchilikni yanada mustahkamlash, qurilish hamda urbanizatsiya ko‘lamining jadal kengayishi aholi punktlariga tushayotgan ekologik salbiy bosimni kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etdi.
Shu maqsadda qabul qilingan yangi qonun bilan amaldagi 2 kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jinoyat kodeksining 202-moddasiga elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun 150 million so‘mdan 225 million so‘mgacha (BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha) jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Og‘irlashtiruvchi holatlarda hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzishda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi kiritildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Kodeksning 90-moddasida ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirildi.
Mazkur kodeksning 79-moddasiga kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa ob’ektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilandi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo‘q qilganlik uchun fuqarolarga 13,1 million so‘mdan 18,7 million so‘mgacha (BHMning 35 baravaridan 50 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa 22,5 million so‘mdan 28,1 million so‘mgacha (BHMning 60 baravaridan 75 baravarigacha) jarima belgilandi.
Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik ikki baravarga oshirildi.
Shu bilan birga, ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ularning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik ham kuchaytirildi.
Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan mazkur qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bilan qilmishning ijtimoiy xavfliligi darajasidan kelib chiqib jazo chorasi belgilanadi.
Bundan tashqari, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar normalari o‘zaro muvofiqlashtirildi. Shuningdek, ushbu qonunlardagi ov quroli, shu jumladan, baliq ovlash quroli bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etildi.
Qonun o‘simliklar hamda hayvonlar turlarini muhofaza qilish bilan birga ularning soni ko‘paytirilishiga, o‘sish va yashash sharoitlari yaxshilanishiga zamin yaratdi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslarning himoyalanishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA