Kuvaytning“Alrai Media” nashri O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov va Kuvayt ishchi kuchi bo‘yicha bosh qo‘mitasi direktori Marzuq Al-Utaybiy bilan uchrashganini yozib chiqdi.
Maqolada aytilishicha, tomonlar migratsiya sohasida hamkorlikni jadallashtirish, Kuvaytning turli davlat va xususiy sektorlarida yurtimiz fuqarolarini qonuniy tarzda ish bilan ta’minlash masalalarini muhokama qilishgan.
O‘zaro muloqot chog‘ida Marzuq Al-Utaybiy Kuvaytdagi mehnat bozori ehtiyojlari asosida zarur mutaxassisliklar bo‘yicha malakali xorijiy ishchi kuchini yollash jarayonini rivojlantirish bo‘yicha mamlakatda izchil sa’y-harakatlar olib borilayotganini bildirgan.
Uchrashuvda hozirgi kunda Kuvayt mehnat bozorida asosan sog‘liqni saqlash va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ishchi kuchiga ehtiyoj borligi ma’lum qilindi. Ushbu sohalarda O‘zbekiston fuqarolarini Kuvaytda ish bilan ta’minlash uchun ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida ikki davlatning tegishli tashkilotlari o‘rtasida xususiy sektorda ishchi kuchi bilan almashish sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish va imzolash, shuningdek, tomonlar o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA