BMT Bosh Assambleyasi G‘azo sektorida o‘t ochishni so‘zsiz va doimiy to‘xtatish hamda garovga olinganlarni zudlik bilan hech qanday shartlarsiz ozod qilinishi talab qilingan rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar tarqatdi “RIA Novosti”.

Mazkur hujjatni 158 ta mamlakat ma’qulladi, to‘qqizta davlat qarshi ovoz berdi, 13 davlat esa betaraf bo‘ldi.

Bundan tashqari, BMT G‘azo sektorining tinch aholisi “omon qolishlari uchun zarur bo‘lgan” asosiy xizmatlar va insonparvarlik yordamlaridan zudlik bilan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini talab qildi.

Noyabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashi ham G‘azo sektorida “zudlik bilan, so‘zsiz va doimiy” o‘t ochishni to‘xtatish va barcha garovga olinganlarni ozod qilishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini qabul qilishga uringandi. O‘shanda hujjatga Qo‘shma Shtatlar veto qo‘ygandi.

BMT Bosh Assambleyasi o‘tgan yili ham shunga o‘xshash rezolyutsiyani qabul qilgan. Unda ham anklavda o‘t ochishni insonparvarlik nuqtai-nazardan zudlik bilan to‘xtatish, shuningdek barcha garovda ushlab turilganlarni ozod qilish, gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash talab qilingandi.

Taassufki, BMTtomonidan tegishli hujjat qabul qilinganiga qaramay, u Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalaridan farqli o‘laroq, yuridik kuchga ega emas.

2023 yil 7 oktyabrda Isroil G‘azo sektoridan raketa hujumiga uchradi. Shundan so‘ng Falastinning XAMAS harakati jangarilari chegara hududlariga kirib, harbiylar va tinch aholiga qarata o‘t ochgan va 200 dan ortiq kishini garovga olgan. Bunga javoban, Isroil mudofaa kuchlari “Temir qilichlar” harbiy amaliyotini boshladi, jumladan, tinch aholi yashayotgan manzillarga  hujumlar uyushtirildi va G‘azo sektori to‘liq qamal qilindi: suv, elektr energiyasi, yoqilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish to‘xtatildi.

Eslatish joizki, shu yil may oyida BMT Xavfsizlik Kengashi  G‘azo sektori bo‘yicha matbuotga maxsus bayonot bergan edi. Unda G‘azodagi  barcha ommaviy dafn etilgan joylarni tergovchilar borib ko‘rishini ta’minlashga chaqirilgan.

O‘shanda Xavfsizlik Kengashi a’zolari G‘azo sektoridagi Nosir va Al-Shifa tibbiyot muassasalari va uning atrofida bir necha yuzlab jasadlar, jumladan, ayollar, bolalar va qariyalar dafn etilgan ommaviy qabrlar topilgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotir bildirgan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ziddiyat boshlanganidan buyon 40 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

S.Rahimov, O‘zA