Yangicha formatda o‘tayotgan Yevropa chempionlar ligasida 6-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Ushbu turda kutilganidek, Angliya, Ispaniya va Germaniya klublari yetakchilik qildi.
Chempionlar ligasining 6-turidan o‘rin olgan “Atletiko” – “Slovan Bratislava” bahsi 3:1 hisobida yakunlandi. O‘yinda Grizman dubl qayd etgan bo‘lsa, Alvares bitta super gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, D.Strelets jamoasining yagona goliga mualliflik qildi. “Stade Pierre-Mauroy” stadionida o‘tkazilgan “Lill” – “Shturm” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 3:2 hisobida o‘z nihoyasiga yetdi. Italiyaning “Milan” klubi o‘z maydonida “Srvena Zvezda”ni 2:1 hisobida taslim etdi va ketma-ket ushbu musobaqadagi to‘rtinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Buning ahamiyatli jihati shundaki, “Milan” o‘tgan 19 yil davomida YeCHL turnirida ketma-ket to‘rtta o‘yinda g‘alaba qozona olmagan.
Ushbu turning markaziy uchrashuvlaridan biri «Signal Iduna Park» stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda “Borussiya Dortmund” va “Barselona” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Keskin va murosasiz o‘tgan mazkur o‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘limga kelib, ikki klub ham jonlandi. Natijada uchrashuvning 52-daqiqasida Rafinya “Barselona”ni oldinga olib chiqdi. Oradan 8 daqiqa o‘tib, Girassi penaltidan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. 75-daqiqada Ferran Torres mezbonlar darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Girassi 78-daqiqada yana bir bor vaziyatni tenglashtirdi. Biroq, 85-daqiqada F.Torres o‘zining ikkinchi golini nishonladi va “Barselona”ning 2:3 hisobidaga g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, “Barselona” Chempionlar ligasida qatorasiga beshinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Klub 2020/21 yilgi mavsumdan buyon ilk bor bu natijaga erishdi. Oxirgi marta ular 2011/12 yilgi mavsumda 5 ta o‘yinda g‘alaba qozongan va ularning har birida 3 tadan ko‘p gol urgan.
Londonning “Arsenal” klubi bu turda “Monako” bilan raqobatlashdi. O‘yinda Saka dubl qayd etgan bo‘lsa, Havers bitta golga mualliflik qildi. Natijada 3:0 hisobida “Arsenal” zafar quchdi. “Yuventus” esa “Manchester Siti” ustidan o‘z uyida 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. “Benfika” va “Bolonya” bellashuvida hisob ochilmagan bo‘lsa, “Feyenoord” 4:2 hisobida “Sparta Praga”dan ustun keldi. “Shtutgart” esa “Yang Boyz”ni 5:1 hisobida dog‘da qoldirdi.
Yevropa chempionlar ligasining 6-tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, “Liverpul” 18 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylanib oldi. “Barselona” esa 15 ochko bilan ikkinchi o‘rinni mustahkamlab oldi. “Arsenal”, “Bayer”, “Aston Villa”, “Inter”, “Brest” va “Lill” klublari esa bir xil 13 ochko to‘plagan holda kuchli sakkiztalikni yakunlab berdi.
“Borussiya D”, “Bavariya”, “Atletiko” va “Milan” 12 ochko jamg‘arib, 9-12 pog‘onalardan joy olgan bo‘lsa, “Atalanta” va “Yuventus” 11 ochko bilan 13-15-o‘ringa joylashdi. “Benfika”, “Monako”, “Sporting”, “Feyenoord”, “Bryugge” jamoalari esa ochkolar sonini 10 taga yetkazib olgan holda 15-19-o‘rinlarni egalladi.
Mavsumni omadsiz o‘tkazayotgan “Real” va “Seltik” 9 ochko bilan 20-21 o‘ringa joylashdi. “Manchester Siti”, “PSV”, “Dinamo Zagreb” 8, “PSJ” hamda “Shtutgart” 7 ochko bilan keyinga o‘rinlarda qayd etildi. “Shaxtyor”, “Sparta Praga” 4, “Shturm”, “Jirona”, “Srvena Zvezda”, “Zalsburg” 3, “Bolonya” bor yo‘g‘i 2 ochko bilan 27-33 o‘rinlardan joy oldi. “RB Leypsig” “Srvena Zvezda” hamda “Yang Boyz” hamon ochkosiz quyi pog‘onalarda bormoqda.
YeCHLning 7-tur o‘yinlari 2025 yilning 21-23 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA