Boks mamlakatimizda ommalashgan sport turlaridan biri. Mazkur sport turi bo‘yicha ulkan yutuqlar qayd etilayotgani barchaga ma’lum. Joriy yilning 28 noyabr kunidan 11 dekabr kuniga qadar Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi qo‘lga kiritgan natijalar buni yana bir bor isbotladi.

Bokschilarimiz ushbu chempionatda 11 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida medal jamg‘arishda birinchi bo‘ldi.

Qit’a birinchiligida 21 ta davlatdan kelgan 210 nafar bokschilar ishtirok etdi. Unda erkaklar 13, ayollar esa 12 vaznda Osiyo chempionligi uchun ringga ko‘tarildi. Musobaqa davomida erkaklar jamoamiz 8 oltin, 2 kumush va 1 bronza, jami 11 medalga ega chiqdi va ushbu natija orqali Qozog‘istonning asosiy jamoasini va Ukrainaning kuchli tarkibini ham ortda qoldirgan holda o‘zbek boksi dunyoda va qit’amizda hamon yetakchi ekanini isbotladi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan holda avvalgi natijalarini yanada yaxshiladi.

Aniqrog‘i, 2022 yil Iordaniyada o‘tgan qit’a birinchiligida qizlarimiz 1 tadan oltin, kumush va bronza medaliga ega chiqqan edi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, o‘tgan yillar mobaynida Elshod Rasulov boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar boks terma jamoasi yuqori saviyaga ko‘tarildi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda boks sport turini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida sportchilarimiz xalqaro maydonlarda yuksak marralarni zabt etmoqda. Xususan, bugungi kunda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Mamlakatimiz boks federatsiyasi tomonidan sportchilarning jismoniy, ruhiy holatini o‘rganish asosida terma jamoalarning zaxirasini shakllantirish, hududlardan iqtidorli yoshlarni izlab topish, seleksiya ishlarini yuksaltirish, istiqbolli yosh bokschilarning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, yuqori natijalarga erishayotgan bokschilarni rag‘batlantirish, malakali murabbiylar tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro darajada malaka oshirishiga ko‘maklashish, ayollar boksini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar tizimli va reja asosida olib borilmoqda.

Shuningdek, federatsiya va uning mintaqaviy bo‘limlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, salohiyatli, jonkuyar va malakali mutaxassislarni jalb etish, sportchilar, hakamlar bilan ishlash, malakali hakamlarni tayyorlash, O‘zbekistonda boksning rivoji va ommaviyligini yanada yuqori darajaga ko‘tarish, xalqaro musobaqalarda erishilayotgan g‘alabalar salmog‘ini oshirish, o‘zbek boksining obro‘si va nufuzini mustahkamlash, iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sportchilarning nufuzli musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rishlari uchun barcha sharoit yaratib berilayotir. Ushbu sharoitlardan unumli foydalanayotgan bokschilarimiz malakali murabbiylar va mutaxassislar boshchiligida kuchaytirilgan mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda. Mashq jarayonida olingan bilim va ko‘nikmalar xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ulkan zafar keltirayotganini yuqoridagi g‘alabalar misolida ko‘rish mumkin.

Bokschilarimiz joriy yilgi mavsumda nafaqat mamlakatimizda, balki, Ispaniya, Fransiya, Rossiya, Ozarbayjon, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston kabi boks sport turi rivojlangan davlatlarda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi.

Ushbu tizimli ishlar samarasida yildan-yilga boks bo‘yicha qo‘lga kiritilayotgan nufuzli musobaqalardagi muvaffaqiyatlar soni ortib bormoqda. Jumladan, 2024 yilgi sport mavsumi ham ko‘plab g‘alabalarga boy bo‘ldi. Albatta, hamyurtlarimiz erishgan g‘alabalarni yodga olish barchamiz uchun quvonarli.

Yakuniga yetib borayotgan yilning 14-22 yanvar kunlari Serbiyaning Sombor shahrida ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “Millatlar kubogi”da vakillarimiz 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza, 29 yanvar – 4 fevral kunlari Ispaniyaning La Nusiya shahrida tashkil etilgan erkaklar o‘rtasidagi “Boxam” xalqaro turnirida terma jamoamiz 4 oltin va 2 bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

2-11 fevral kunlari Bolgariya mezbonlik qilgan “Stranja” xalqaro turnirida charm qo‘lqop ustalarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medaliga ega chiqdi. Qayd etish lozimki, musobaqa yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 5 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Ruminiyada 11-19 fevral kunlari tashkil etilgan “Dracula” ochiq turnirida o‘smirlarimiz 5 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Yoshlar terma jamoamiz bo‘lsa, 4 ta oltin 6 ta kumush va 2 ta bronza medalini naqd qildi. 8-25 fevral kunlari Rossiyada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda 7 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medal jamg‘arildi.

Mart oyida esa Ozarbayjonning Boku shahrida “Great Silk Way-2024” turniri yakunlariga ko‘ra, 5 tadan oltin va bronza hamda 6 ta kumush medalga ega chiqqan bokschilarimiz aprel oyida Qirg‘izistonda tashkil etilgan “Duyshenqo‘l Shopokov” xotira turnirida 1 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza, jami 10 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Qozog‘istonning Astana shahrida 25 apreldan 8 may kuniga qadar davom etgan 22 yoshgacha bo‘lganlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida yoshlar terma jamoamiz 7 oltin, 3 kumush va 12 ta bronza, 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilarimiz 4 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza medaliga ega chiqdi.

Rossiyada “Konstantin Korotkov” xotirasiga bag‘ishlangan musobaqa 13-19 may kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston boks terma jamoasi 7 ta oltin va 9 ta kumush medaliga ega chiqdi hamda umumjamoa hisobida ham medal jamg‘arishda tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi. Qozog‘istonda o‘tgan “Elorda kubogi”da erkaklar va ayollar milliy terma jamoamiz 1 ta oltin, 5 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan yurtimizga qaytdi.

13-18 may kunlari Vengriyaning Eger shahrida yoshlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda esa 5 ta oltin va 2 ta kumush medal bilan vakillarimiz musobaqaning eng yaxshi terma jamoasiga aylandi.

Shuningdek, iqtidorli charm qo‘lqop ustalarimiz Rossiyada o‘tgan “BRICS” sport o‘yinlarida 5 ta oltin, 7 kumush va 8 bronza, “Osiyo bolalari” kompleks musobaqasida 7 tadan oltin va kumush hamda 2 ta bronza medallariga ega chiqdi va medal jamg‘arishda umumjamoa hisobida tengsiz bo‘ldi. Shuningdek, “Axmat-Xoji Qodirov” xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirni terma jamoamiz 5 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan yakunladi.

27 avgustdan 10 sentyabrgacha BAAning Al-Ayn shahrida o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda kichik o‘smirlarimiz 5 tadan kumush va bronza, o‘smirlarimiz esa 14 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medalini delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Chernogoriyada 21 oktyabr 4 noyabr kunlari yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda sportchilarimiz 5 tadan oltin va kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumiy medal jamg‘arishda ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, erkaklar terma jamoamiz 5 ta oltin bilan jadvalda karvonboshiga aylandi.

Mavsumning eng yodda qolgan musobaqasi – Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlar hamon yodimizda. Ayniqsa, bokschilarimizning qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlariga dunyo havas qildi.

“Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston bokschilari 11 ta vaznda yo‘llanmani naqd qildi. Bunda erkaklar terma jamoamiz jahonda birinchilardan bo‘lib to‘liq tarkibda litsenziyani naqd qilgan bo‘lsa, ayollar jamoamiz esa tarixda ilk bor 4 ta vaznda Olimpiadada ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston boks terma jamoasi litsenziya jamg‘arishda Osiyoda tengsiz, deya e’tirof etildi.

Parij shahrida o‘tgan yozgi XXXIII Olimpiya o‘yinlarida Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Lazizbek Mullajonov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va Abdumalik Xalakov kabi bokschilarimiz oltin medal sohibiga aylandi va terma jamoamiz Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida medal jamg‘arishda jadvalning yuqori pog‘onasidan o‘rin oldi.

“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqasida tajribali hakamimiz Alisher Polvonov ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bordi. Buning samarasida  Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax hamda “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi prezidenti Toni Estanguyet tomonidan maxsus sertifikat bilan taqdirladi.

Yil davomidagi keskin va murosasiz janglarda zafar quchgan bokschilarimiz jasorati, shijoatu matonati butun dunyoni lol qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ularning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimizda sportga ulkan e’tibor qaratilayotgani, yosh sportchilarimizning yurt sha’nini yanada yuksaltirish niyatida har bir to‘siqdan mardonavor o‘tishi natijasidir.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA