Qatar poytaxti Doha shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Qatar Masters-2024” xalqaro turnirining kecha o‘tkazilgan 8-tur o‘yinlaridan keyin Andrey Yesipenko (FIDE) 7 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Arjun Erigaisi (Hindiston) 6,5 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.

G‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan yana 4 nafar shaxmatchi 6 ochkoga ega. Ular qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham bor. Kecha poyoniga yetgan 8-tur o‘yinida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan David Paravyanni mag‘lub etdi.

Bugun, 12 dekabr kuni nufuzli turnirning so‘nggi 8-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Leon Lyuk Mendonka bilan ro‘baro‘ keladi. Ushbu turda mahoratli shaxmatchi yoshlarimizdan Abdumalik Abdusalimov va Nodirbek Yoqubboyev bahsi o‘zbekistonlik shaxmat ishqibozlarining diqqat markazidagi bahs bo‘lishi kutilmoqda. Yakuniy tur o‘yinlari oldidan terma jamoamiz a’zolaridan Abdumalik Abdusalimov 5.5 ochko bilan 8-o‘rinda bormoqda.

Shuningdek, Shamsiddin Vohidov 5.5 ochko (12-o‘rinda), Nodirbek Yoqubboyev 5.5 ochko (15-o‘rin), Muhiddin Madaminov 5 ochko (20-o‘rin), Ortiq Nigmatov 4.5 ochko (44-o‘rin), Muhammadali Abdurahmonov 4.5 ochko (45-o‘rin), Saidakbar Saydaliyev 4.5 ochkoga (49-o‘rin) ega bo‘lib turibdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA