Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Xalqaro betaraflik kuni va Turkmanistonning betaraf davlat maqomini olganiga 29 yil to‘lishi munosabati bilan o‘z xalqiga tabrik yo‘lladi.
– Betaraflik barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, tinchlik tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek, xalqaro masalalarni muloqotlar orqali hal qilish uchun muhim vosita, – deyiladi hukumatning rasmiy nashri bo‘lgan “Neytralnыy Turkmenistan” gazetasida e’lon qilingan tabrikda.
Berdimuhamedov shuningdek, Turkmaniston xalqaro munosabatlarda mustaqillikning ilk kunlaridanoq betaraflik, teng huquqlilik, yaxshi qo‘shnichilik kabi ajdodlar tamoyillariga amal qilib kelganini ta’kidlagan.
– Turkmanistonda xalqaro munosabatlarning muhim jihatlariga bag‘ishlangan oliy darajadagi forum va uchrashuvlarning o‘tkazilishi betaraf davlatimizda tinchlik tamoyillari g‘alaba qozonayotganidan dalolat bo‘lib, dunyoning turli o‘lkalari o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatilishiga xizmat qilmoqda, -degan Turkmaniston yetakchisi.
Ma’lumot o‘rnida, 2017 yilda Ashxobod tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 12 dekabrni “Xalqaro betaraflik kuni” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgan.
S.Rahimov, O‘zA