Turkiya ko‘magida Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi va Somali Federativ Respublikasining Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda Turkiya prezidenti ma’muriyati ma’lumot bermoqda.

– Tomonlar kelishmovchiliklar va bahsli masalalarni ortda qoldirishga va umumiy farovonlik yo‘lida hamkorlikda qat’iy harakat qilishga kelishib oldi, – deyiladi ikki mamlakat o‘rtasida qabul qilingan deklaratsiya matnida.

Axborot hamkorimiz – “Anadolu”ning yozishicha, Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog‘an 11 dekabr kuni Anqara shahrida Somali Federativ Respublikasi rahbari Hasan Shayx Mahmud va Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi Bosh vaziri Abiy Ahmed Ali bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Somali va Efiopiya rahbarlari bir-birining suvereniteti, birligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga, shuningdek, xalqaro huquq, BMT Nizomi va Ta’sis shartnomasida mustahkamlangan tamoyillarga hurmat va sodiqligini tasdiqlagan.

– Tomonlar Somali Federativ Respublikasining hududiy yaxlitligini hurmat qilgan holda Efiopiyaning dengizga xavfsiz kirishi bilan bog‘liq masalalarni atroflicha kelishib olgan, – deyiladi “Al Jazeera” tarqatgan axborotda.

Davlatlar, shuningdek, Efiopiyaga dengizga ishonchli, xavfsiz va barqaror kirish imkoniyatidan foydalanish imkonini beruvchi ikki tomonlama shartnomalar, ijaralar va shunga o‘xshash vositalar orqali o‘zaro manfaatli tijorat bitimlarini tuzishda hamkorlikda ishlaydi.

“AP News” manbasiga ko‘ra, tomonlar Turkiya ko‘magida ushbu maqsadlar uchun texnik muzokaralarni 2025 yil fevral oyi oxiridan kechiktirmay boshlashga va ularni to‘rt oy ichida yakunlash va imzolashga qaror qilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA