Xabarlarga qaraganda, Suriya janubidagi isyonchi kuchlar 2011 yil Prezident Bashar Al-Asadga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilgan muhim hudud – Dar’a viloyatining kattagina qismini egallab olgan.
Mahalliy guruhlar hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvda bir necha harbiy ob’ektni o‘z nazorati ostiga olishgan. Ayni payt armiyani olib chiqib ketish, harbiy amaldorlarga taxminan 100 km masofadagi poytaxt Damashqqa xavfsiz o‘tish huquqini berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari tashkiloti (SOHR) kecha janubdagi isyonchilar Dar’a hududining 90 foizdan ziyod qismini nazorat qilayotgani, faqat Sanamayn hududi hamon hukumat qo‘lidaligini ma’lum qildi.
Strategik va ramziy ahamiyatga ega, muzofot ma’muriy markazi hisoblangan va Iordaniya chegarasidagi asosiy o‘tish joyiga yaqin joylashgan Dar’a shahrida 2011 yil ham demokratiya bahonasida norozilik namoyishi avj olgan edi. Ya’ni, ushbu hudud mamlakatda yarim milliondan ko‘p odamning halokatiga sabab bo‘lgan va hamon davom etayotgan fuqarolar urushi markazlaridan biridir.
Iordaniya ichki ishlar vaziri ta’kidlashicha, “Suriya janubidagi xavfsizlik masalasi tufayli” mamlakat o‘z chegarasini yopib qo‘ygan.
Dar’adan taxminan 50 km sharqda joylashgan Suvayda shahri amaldorlari xavfsizlik kuchlari va mintaqada ustunlikka ega druzlar ozchilik mazhabida jangarilari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan so‘ng shaharni tark etgani aytilyapti. Shuningdek, kurdlar boshchiligidagi kuchlar hukumatning mamlakat sharqi – bepoyon cho‘ldagi asosiy tayanchi bo‘lgan Dayr az-Zaur shahrini ham egallab olgani haqida xabarlar bor.
Shimoldagi isyonchilar hukumatga qarshi so‘nggi yillardagi eng yirik hujumni boshlaganiga bir haftadan oshdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, qo‘zg‘olonlar natijasida hozirgacha kamida 370 000 kishi uyini tashlab ketgani taxmin qilinmoqda. Janglar shimoldagi begunoh aholining shunday ham nochor holatini battar yomonlashtirmoqda. Ba’zi joylarda odamlar chorasizlikdan o‘z hududida qamalib qolgan. O‘tgan haftadan beri mamlakat bo‘ylab 820 kishi, jumladan 111 nafar oddiy aholi vakili halok bo‘lgan.
Payshanba kuni jangarilar Hams shimolidagi Xama shahrini egalladi. Shu tariqa o‘tgan hafta Halab ustidan nazoratni yo‘qotgan Prezident Asadga ikkinchi jiddiy zarba bo‘ldi.
“Hay’at tahrir ash-Shom” (HTS) islomiy jangari guruhi yetakchisi Abu Muhammad Al-Javloniy Hams aholisiga “davringiz keldi”, deya xitob qilgan.
Rossiya harbiy samolyotlari isyonchilar yurishini sekinlashtirish uchun Rastandagi ko‘prikni bombardimon qilgan. Bir necha kun davom etgan jangdan so‘ng Suriya harbiylari Xama nazoratini qo‘ldan chiqargach, endi Hamsni himoya qila olishi ham so‘roq ostida qolgan.
Mudofaa vazirligi poytaxt Damashqni O‘rta yer dengizi sohilidagi Alaviylar o‘lkasi bilan bog‘laydigan strategik shahardan qo‘shinini olib chiqqani haqidagi da’volarni rad etdi.
Alaviylar shia musulmonlarining ozchilik mazhabi bo‘lib, Asad oilasi shu qavmdan chiqqan. Mazkur hudud uzoq vaqtdan beri Asad hukmronligini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy nuqta, Prezident hokimiyatini qo‘lga olish uchun kalit bo‘lib xizmat qilgan.
Suriya yetakchisi isyonchilarni yo‘q qilishga va’da berib, G‘arb kuchlarini mintaqa xaritasini o‘zgartirishga urinayotganlikda aybladi.
Binobarin, bir tomondan hukumat qo‘shinlari past maosh va avj olgan korrupsiyadan ruhiy tushkunlikka tushgani, ikkinchi tomondan harbiylar maoshi 50 foiz oshirilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan.
Rejimning asosiy ittifoqchilari – Rossiya va Eron Asadni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA