Yun Sok Yol oldingi davlat rahbarlari yuzlashgan ayanchli intihodan xavotirdami?

Janubiy Koreya parlamentini qo‘zg‘atgan, mamlakatning demokratiyaga sodiqligini sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘lgan Prezident Yun Sok Yol seshanba kungi televideniye orqali murojaatida mamlakat harbiy holatga o‘tganini e’lon qildi. Oradan 24 soatdan kamroq vaqt o‘tib davlat rahbarining siyosiy kelajagi jar yoqasiga kelib qoldi, chunki ko‘chalarda norozilik namoyishlari, unga qarshi impichment jarayoni boshlanib ketdi.

Bu yurtda harbiy holat oxirgi marta 1979 yil, o‘sha paytdagi hukmdor davlat to‘ntarishi natijasida o‘ldirilishi tufayli joriy etilgan. Hozir demokratiya barqaror bo‘lgan mazkur o‘lkada, negadir, Yun mamlakatni xavfli kuchlardan qutqarish uchun harbiy boshqaruv zarurligini da’vo qilib chiqdi. Muxolifat nazoratidagi Milliy assambleyani esa hukumatni “falaj qilishga urinayotgan jinoyatchilar uyasi” deb atadi.

Harbiy holat joriy qilingandan bir necha soat keyin g‘azablangan namoyishchilar va qonunchilar Milliy kengash oldida to‘plangach, yetakchi so‘zidan qaytishga majbur bo‘ldi. Zero, deputatlarning ko‘pchiligi qarorga qarshi chiqqan edi.

Bu hayratlanarli deklaratsiyadan ko‘zlangan maqsad, aslida, 2022 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni, o‘shanda Janubiy Koreya tarixidagi eng kichik farq bilan g‘alaba qozonib, o‘ziga to‘laqonli bo‘ysindira olmagan hokimiyatni Yun Sok Yol endi butunlay qo‘lga olishni istayotgandek.

Bundan tashqari davlat raxbari hukumatning 2022 yil oxirida Seulda 159 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan “Halloween” bayramidagi dahshatli voqeaga munosabati uchun ham ko‘p tanqid qilindi. Qolaversa, rafiqasi qimmatbaho sumkani sovg‘a sifatida olgani haqidagi mish-mish ham Koreya yetakchisining obro‘sini yaxshigina tushirdi. Bu voqea matbuotda ancha vaqt “katta harflar bilan” yoritildi. Yetmaganiga shu yil aprelda Yunning partiyasi parlament saylovida mag‘lub bo‘lib, uning “oqsoqligi”ni yanada sezdirdi. Shu hafta esa u muxolif qonunchilar bilan mamlakat byudjeti uchun siyosiy kurashga kirishdi. Seshanba oqshomidagi nutqida Yun Sok Yol Assambleyaga “liberal demokratik tizimni yo‘q qiladigan yirtqich” deya ta’rif berdi.

Binobarin, Prezident mamlakati va olib borilayotgan siyosatni noto‘g‘ri talqin qilgan ko‘rinadi. Uning so‘nggi murojaati ko‘pchilik unutayozgan dahshatli davrni eslatvordi. Hatto, televizorda yangiliklarni o‘qiyotgan jurnalistlar titrayotgani ham yaqqol sezildi.

1980 yil aksariyati talabalardan iborat demokratiya tarafdorlari Kvanju shahri ko‘chalariga chiqib, harbiy holatga norozilik bildirganda, armiya vaziyatni zo‘ravonlik bilan izga solishga uringan va 200 ga yaqin inson halok bo‘lgan.

Harbiy holat uch yil davom etgan 1979-1981 yillari amalda bo‘lgan harbiy boshqaruv 1987 yilgacha cho‘zildi. O‘shanda hukumatga qarshi chiqqan faollar kommunistik josuslar sifatida hibsga olingan yoki o‘ldirilgan.

Janubiy Koreya siyosiy doiralarida Yun harbiy holat joriy etish haqida o‘ylayotganiga doir mish-mish bir necha oy oldin paydo bo‘lgan. Sentyabr oyida muxolifat yetakchilari va ayrim partiyalar a’zolari buning imkoni borligini aytgan, asosiy ko‘pchilik esa ekstremal variant sifatida rad etgan.

Tarix bilan bog‘liq qo‘rquv

Koreya Respublikasining birinchi ayol rahbari Pak Kin Xe hokimiyatni suiste’mol qilish va korrupsiyaga yo‘l qo‘yishda aybdor deb topilib, qamoqqa tashlangan. Undan avvalgi yetakchi Li Myon Bak “aksiyalar narxini sun’iy boshqarishda ishtirok etgani” uchun tergov qilingan va 2020 yil korrupsiya va poraxo‘rlikda ayblanib, 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Yana bir sobiq prezident Ro Mu Xyon 2009 yil misli ko‘rilmagan miqdorda pora olganlikda ayblanib, tergov payti o‘z joniga qasd qilgan.

Xullas, Janubiy Koreyada davlat rahbarlarini ta’qib qilish siyosiy vositaga aylangandek tasavvur uyg‘otadi kishida. Demak, Prezident Yun Sok Yol nima uchun bunday keskin choralar ko‘rishga qaror qilganini qisman tushunish mumkindek.

Maqsad nima bo‘lishidan qat’i nazar, jamoa vaziyatni tiklash uchun kurashadi. Garchi, u iste’fo to‘g‘risidagi chaqiriqlarga duch kelayotgan, hatto ba’zi mahalliy OAV “Xalq kuchi” partiyasi a’zolari Yunni safdan chiqarishni muhokama qilayotgani haqida yozayotgan bo‘lsa-da…

Musulmon Ziyo, O‘zA sharhlovchisi