Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan “Aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirish, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi ob’ektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootning qurilish osti maydonini kengaytirish taqiqlanmoqda.

Shu bilan birga, “botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilmoqda. “Botanika bog‘lari” va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish taqiqlanmoqda.

Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, loyihada 2025 yilda sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash uchun 150 milliard so‘mdan ortiq, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 100 milliard so‘m, cho‘l, tog‘li va tog‘oldi hududlarda cho‘llanish va qum ko‘chishi, tuproqning suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya o‘rmonlarini (ihota) barpo etish uchun 80 milliard so‘m ajratish belgilanmoqda.

Yig‘ilishda deputatlar Prezidentimizning 2023 yil 31 maydagi farmoniga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi uchun 2025 yilda 528 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgani, lekin byudjet loyihasida belgilangan miqdorga nisbatan 19 foizga moliyalashtirish rejalashtirilgani bilan qiziqib, bu bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘radi. Ko‘tarilgan mazkur savolga mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.

M.Komilova, O‘zA