COP29 doirasida Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi O‘zbekiston Milliy pavilonida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Yingming Yang o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda vazir iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish sohasida OTB tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan doimiy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot jarayonida O‘zbekiston hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishi, Milliy iqlim siyosati va Milliy iqlim strategiyasini ishlab chiqish haqida so‘z yuritdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar bir qator ustuvor masalalar, jumladan, yer degradatsiyasi va cho‘llanish, qishloq xo‘jaligiga eng yangi iqlim texnologiyalarini joriy etish, Orolbo‘yi ekotizimini tiklash, aholi turmush darajasini oshirish, ish o‘rinlarini yaratish va Aral Climate Expo Hub’ni tashkil etishga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, OTB vitse-prezidenti bilan «Yashil shahar» loyihasi ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, har bir hudud va uning ma’muriy markazi uchun atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha bosh reja ishlab chiqiladi.

OTBning «Green University»ga bo‘lgan e’tiborini inobatga olib, xorij tomoni universitetda OTB shafeligida maxsus o‘quv dasturi va malaka oshirish kursini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, uning negizida o‘zining iqlim laboratoriyasini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA muxbiri  

Ozarbayjon, Boku