Dushanbeda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining ortda qolgan ikkinchi kungi bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 5 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan umumjamoada yakka peshqadamga aylanib oldi.

Kechagi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Mardon Ravshanov -73 kilogramm og‘irlikdagi saralash bahslarida barcha raqiblarini tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Bronza medali uchun kechgan kurashda italiyalik Manuel Parlatini vazari bahosi evaziga mag‘lub etib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mahoratli dzyudochimizning ushbu g‘alabasi evaziga O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoada 2 ta bronza medali hisobiga 67 ta davlat orasida 7-o‘rindan joy egalladi.

Bugungacha 67 ta davlat terma jamoalarining 11 tasi u yoki bu darajadagi sovringa egalik qilgan. 56 ta milliy terma jamoaga hali sovrin nasib etmagan. Shundan ko‘rinadiki, musobaqa shiddatli va o‘ta murakkab tarzda davom etmoqda.

Jahon chempionatining navbatdagi kunlarida o‘g‘il bolalar -81, -90,-100 va +100 kilogrammda, qizlar -70, -78 va +78 kilogramm vaznda hamda aralash jamoaviy bellashuvlarda g‘oliblik uchun kurash olib borishini nazarda tutsak, asosiy bahslar oldinda ekani oydinlashadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqalarning so‘nggi bahslari 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA