Xabaringiz bor, ertaga 5 oktyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining so‘nggi hal qiluvchi final bahsi Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkaziladi. Unda “Navbahor” – “Andijon” klublari bosh sovrin uchun o‘zaro raqobatlashadi.

Mahalliy vaqt bilan soat 17:00 boshlanadigan mazkur o‘yinni Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan Xolid Solih al-Turais bosh hakam sifatida o‘tkazsa, qanotlarda hamyurtlari Abdulrahim Habib al-Shammari va Muhammad Maki Alabakri unga yordam beradi. To‘rtinchi hakam sifatida Nayim Qosimov (O‘zbekiston) ishlaydi. Shuningdek, VAR hakami bo‘lib Sulton Sanat al-Harbi (Saudiya Arabistoni) faoliyat olib borsa, AVAR bo‘yicha Ahrol Risqullayev (O‘zbekiston) ma’sul etib tayinlandi.

Mazkur “Vodiy derbisi” oldidan mamlakatimiz kubogi bahslarida har ikki jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga oid statistika bilan sizlarni tanishtirib o‘tishni, lozim topdik.

“Navbahor” klubi O‘zbekiston kubogi tashkil etilgandan buyon bosh sovrinni 3 marta – 1992, 1995 hamda 1998 yillarda qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1993 va 2022 yillarda finalga qadar yetib borgan. “Andijon” esa o‘z tarixida ilk marta O‘zbekiston kubogi finaliga yetib keldi. Mazkur musobaqa doirasida “Navbahor” va “Andijon” jamoalari o‘zaro 8 marta ro‘baro‘ kelgan bo‘lib, unda “Navbahor” 6 marotaba, “Andijon” esa 2 ta bahsda zafar quchgan. To‘plar nisbatida ham Namangan shahri jamoasi ustun –15/7. Bu jamoalarning mamlakat kubogidagi ilk o‘yini 1992 yilda o‘tkazilgan bo‘lsak, so‘nggi uchrashuv joriy yilda tashkil etilgan.

Ha, bu ikki jamoaning O‘zbekiston kubogidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasida “Navbahor” ancha ustun bo‘lsa-da, ammo joriy yilgi mavsumda “Andijon” bir maromda o‘yin o‘tkazmoqda.Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, jamoalarning so‘nggi o‘yini Superliga musobaqasida o‘tkazilgan va unda “Andijon” 3:0 hisobida “Navbahor”dan ustun kelgan. Shu bois ham ertangi final o‘yini shiddatli kurashga boy o‘tishi shubhasiz. Albatta, statistika doimo o‘tgan uchrashuvlar natijasi orqali tuziladi. Biroq, har qanday yangi o‘yinda ushbu natijalar o‘z ta’siri yo‘qotadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA