Shu kunlarda Osiyo olimpiya kengashi direktori, Butunjahon suzish federatsiyasi prezidenti Husayn al Musallam mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi.

Bugun martabali mehmon poytaxtimizdagi “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida Toshkentda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasi, keyingi yili yurtimiz mezbonligida yoshlar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi, e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan qator masalalar xususida fikr yuritildi.

Suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning keyingi bosqichiga oid qator istiqbolli rejalarni muhokama qildi.

Muzey bilan tanishuv jarayonida xorijlik mehmonlar o‘zbek sportining shonli tarixi, bugungi kundagi muvaffaqiyatlariga yuqori baho berib, faxriy mehmonlar kitobiga o‘z dil izhorlarini yozib qoldirdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA