Shu yil 27 oktyabr sanasida o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Yurtimizdagi mazkur siyosiy tadbirda yoshlarning ishtiroki va ovozi muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, yoshlarning saylov bo‘yicha siyosiy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ular qalbida yurtning ertasiga daxldorlik hissini oshirish muhim o‘rin tutadi.
Bugun Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda MSK Raisi Z.Nizomxo‘jayev joriy yilgi saylovlarning yangicha ruhda o‘tkazilayotgani, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning mohiyati, deputatlikka nomzodlar orasida yoshlarning ulushi xususida batafsil ma’lumotlar berdi.
Qayd etilganidek, 27 oktyabrda o‘tkaziladigan parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tmoqda. Mamlakatimizda ilk bor Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov aralash saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tadi. Yoshlarga ushbu aralash saylov — majoritar va proporsional saylov tizimining mohiyati va ahamiyati yuzasidan tushunchalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga muvofiq, fuqarolar 18 yoshdan saylash huquqiga ega bo‘ladi. Joriy yilgi saylovlarda 700 mingga yaqin yoshlar birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadi. Bu esa saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati bo‘yicha yoshlar orasida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Shuningdek, mamlakatimizning 20 mingga yaqin yoshlari saylov komissiyalari faoliyatida bevosita ishtirok etish orqali ham o‘z siyosiy faolligini ifoda etib kelmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, milliy saylov qonunchiligimizga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar 25 yoshga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar esa 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Bu yil avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Bu yilgi davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlarida 29 mingga yaqin deputatlikka nomzodlarning 3 ming nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Bu ham yangilangan Konstitutsiyamiz bergan imkoniyat ekani e’tirof etildi.
Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilariga milliy saylov amaliyotiga tatbiq etilgan yangiliklardan yana biri — “E-Saylov” axborot tizimi va uning afzalliklari yuzasidan hamda saylov kampaniyasining muhim bosqichlari xususida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur axborot tizimi saylovchilarga barcha turdagi ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Jumladan, deputatlikka nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari, siyosiy partiyalar borasida batafsil ma’lumot olish mumkin.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarining ovoz berish tartibi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ovoz berish jarayonlari, har bir fuqaro o‘zi shaxsan ovoz berishi lozimligi tushuntirildi. Saylash va saylanish – bu yoshlarning nafaqat konstitutsiyaviy huquqi, balki fuqarolik burchi ham ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda saylov komissiyalari faoliyati, saylovni munosib tarzda o‘tkazishda ularning o‘rni va ahamiyati, Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining faoliyati xususida ham ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda ishtirokchi yoshlar saylovga oid fikr-mulohazalarini bildirdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Ta’kidlash joizki, yoshlar ishtirokida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi birinchi marotaba ovoz beruvchi yoshlarda saylovlarning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyati naqadar muhimligini, saylovda ularning ishtiroki, ovozi alohida ahamiyat kasb etishini anglab yetishlariga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA