Poytaxtimizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan “Demokratik jarayonlarni yanada takomillashtirish: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar, xalq  hokimiyatini mustahkamlash, yangi saylov tizimi va siyosiy raqobatni rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlashdagi muhim qadamlar va erishilgan natijalar batafsil tahlil etildi.

Konferensiyada shuningdek, Buyuk Britaniya, Kanada, Ozarbayjon, Misr, Pokiston, Rossiya kabi davlatlardan xalqaro darajadagi ekspertlar, olimlar, siyosatshunoslar, taniqli mutaxassislar ishtirok etdi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori v.b Azamat Pardayev va boshqalar O‘zbekistonda keyingi yillarda kechayotgan yangilanish jarayonlari xususida batafsil so‘z yuritdi.

Muloqot davomida oxirgi 7-8 yilda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur demokratik islohotlar, inson huquq va manfaatlari ustuvor bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni bunyod etishdagi insonparvar siyosat, ijtimoiy davlatchilikka asoslangan konstitutsiyaviy islohotlar, gender tenglik, ayollar va bolalar huquqlari kafolatlarini ta’minlash, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini oshirishga oid harakatlar, ularning natijalari e’tirof etildi.

Tadbir ishtirokchilari so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jahonning eng yuksak minbarlari, yirik xalqaro tadbirlar, uchrashuvlarda ilgari surilgan va xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘lgan muhim tashabbuslar xususida ham to‘xtaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktorining o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor Vosidjon Ergashevning fikricha, yangilangan Konstitutsiyamizda mamlakatimiz huquqiy, ijtimoiy, demokratik davlat sifatida tavsiflangan. Huquqiy himoyaning kuchaytirilgani, Konstitutsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinayotgani, mamlakatimiz saylov tizimiga oid  me’yorlarga yanada aniqlik kiritilgani yangilangan Konstitutsiyamizning o‘ziga xos tashrif qog‘ozidir. Endilikda saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani, bu yilgi saylov jarayoni yangi Konstitutsiyaga amal qilgan holda o‘tkazilayotgani diqqatga sazovor.

–Ushbu davra suhbati demokratik jarayonlarni yanada takomillashtirishga oid dolzarb masalalarni batafsil muhokama etish uchun qulay maydondir, – dedi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori, siyosiy fanlar doktori, xalqaro ekspert Elshad Mirbashir o‘g‘li. – Bu muhokamalar o‘z natijasini berishi shubhasiz. O‘zbekistonda keyingi yillardagi o‘zgarishlar jadal tus olmoqda.

– Yangilangan Konstitutsiyaning 36-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan, – dedi Qohira xalqaro tijorat arbitraji mintaqaviy markazining xalqaro arbitraji, misrlik ekspert Majid Shibata. – Bu O‘zbekiston fuqarolarining nainki saylovlarda, balki davlat boshqaruvi jarayonlarida o‘zlari saylagan vakillari orqali ishtirok etish, davlat idoralari ustidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish imkonini berishi bilan ham ahamiyatli. Siyosiy partiyalar xalq manfaatlaridan kelib chiqib o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi kerak, deb o‘ylayman.

–   O‘zbekistondagi saylov me’yorlari xalqaro standartlarga, xususan  Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi andozalariga ham mos va hatto ustuvor jihatlari ham bor, – dedi Rossiya iqtisodiyot oliy maktabi dotsenti Kirill Molodiko. – Masalan, O‘zbekistonda saylovda ovoz berish uchun kimning kelmagani nazoratga olinmaydi va hatto oshkor ham etilmaydi. Bu jarayonga mutlaqo erkin tarzda yondashiladi. Shu bilan birga, saylovoldi uchrashuvlarda mahalliy hokimliklar tomonidan bepul binolar ajratilishi diqqatga sazovor.

–  Bugun dunyo global konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jarayonida yashamoqda, – dedi Buyuk britaniyalik ekspert, Birmingem universitetining professori Kris Tornxill. – O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar mamlakatdagi ijobiy islohotlarda, uning xalqaro miqyosda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. E’tiborga molik jihati, yangilangan Konstitutsiyada xalqaro normalar bilan birga milliylik ham saqlab qolingan. Bolalar majburiy mehnatiga, ayollarni kamsitishga to‘liq barham berildi. O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy yangilanish jarayonlari ko‘pchilik kabi meni ham juda quvontiradi.

Davra suhbati davomidagi ma’ruzalarda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, yangicha shakl va mohiyatga ega saylov tizimi misolida yurtimizda inson qadri va manfaatlariga e’tibor, davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtiroki va faolligini oshirishga oid intilishlar muhokamasi o‘rin oldi.

Qizg‘in va samimiy tarzda o‘tgan, muhokamalarga boy bo‘lgan anjuman nainki fikr almashish, balki yurtimizda demokratik jarayonlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish uchun ham o‘ziga xos  maydon bo‘ldi. Bu muloqot xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotimiz bilan qiyoslashga, ijobiy jihatlarini joriy etishga imkon beradi.

Tadbir davomidagi do‘stona muloqot O‘zbekistondagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va takomillashtirishga xizmat qiluvchi qimmatli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishda katta ahamiyat kasb etgani  shubhasiz.

Nazokat Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA