2024 yil 20 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida dastlab “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda psixologiya sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash hamda amaliyotchi psixologlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikamizning 10 ta oliy ta’lim muassasasida “Psixologiya”, 19 ta oliy ta’lim muassasasida “Pedagogika va psixologiya” ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, oliy tibbiy ta’lim muassasalarida “Tibbiy psixologiya” va “Tibbiy psixoterapiya” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tizimida 2,5 mingdan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 13 mingdan ziyod pedagog-psixologlar faoliyat olib bormoqda.

Shu bilan birga, psixologiya yo‘nalishida maslahat berish, onlayn va oflayn formatda o‘quv, trening, seminarlar o‘tkazish orqali xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati ham keng tarqalgan.

Qonun bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.

Qonunda psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilmoqda.

Psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilyapti.

Shuningdek, psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini yaratish, fuqarolarning psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xususiy tarzda amaliyot olib borayotgan psixologlar faoliyatining qonuniy amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin  “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.

Mazkur qonun bilan yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek, yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinmoqda.

Qonunda qo‘llanadigan asosiy tushunchalar kengaytirilayotgan bo‘lib, unda foydali qazilmalarning tasnifi, ya’ni asosiy va noruda foydali qazilmalar, ularning tarkibi yanada aniqlashtirilmoqda.

Respublikamizda o‘tkazilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat organlari vakolatlari chegaralari aniqlashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Energetika vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Qonun bilan yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” prinsipi joriy etilmoqda.

Qonunda sohaning investitsiyalar jalb etuvchanligini keskin oshirish maqsadida davlat organi nazorati ostida yer qa’ridan foydalanish ruxsatnomasini litsenziat tomonidan tasarruf etish (sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga o‘tkazish) mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek, qonunda yunior kompaniyalar uchun rekognossirovka qilish (dastlabki geologik o‘rganish bosqichi) normalari alohida ajratilmoqda va geologik axborotga bo‘lgan mulk huquqi, investorlar tomonidan uni almashish va realizatsiya qilish normalari takomillashtirilmoqda.

Qonun bilan yer qa’ri davlat fondi kadastr tizimi yanada takomillashtirilib, unda uglevodorod kadastri, kadastr kvadrati kabi tushunchalar kiritilmoqda.

Qonunda uglevodorodlar yo‘nalishi keskin kuchaytirilib, jumladan, uglevodorod zaxiralarini aniqlashga, geologiya-qidiruv ishlari va ularni o‘zlashtirishga yirik investitsiyalar kiritishni jadallashtirish uchun oldindan dastlabki o‘rganish, ya’ni rekognossirovka qilish ishlariga alohida qulay mexanizmda ruxsatnoma berish tartibi belgilanmoqda.

Qonun bilan uran qazib olish va shu bilan bog‘liq jarayonda radiatsiyaviy xavfsizlik, shuningdek, Xalqaro atom energetikasi (MAGATE) talablari bilan bog‘liq holda qo‘shimcha alohida talablar belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunda noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda.

Noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanib, davriy va yakuniy hisobotlarni taqdim qilish, qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olishning yillik minimal xarajatlari qayd etilmoqda.

Qonunda ekologiya va atrof-muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning talab va mexanizmlari nazarda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi respublikada yer osti boyliklarini mas’uliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish, ulardan foydalanish va muhofaza etishni zamonaviy standartlar asosida samarali va tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muzokaralardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan Yer kodeksi hamda qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi muddati doirasida boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkinligi ko‘zda tutilmoqda.

Yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlariga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran besh yildan keyin yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qo‘yilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga berishda shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari joriy etilishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, yer uchastkalari yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda qayta ijaraga berilishi qishloq xo‘jaligi yerlarini bozor aktiviga aylantirish imkonini yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar.

Mazkur qonun mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarimiz oldidagi mas’uliyatini oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, boshqaruvning yanada shaffof va samarali bo‘lishini ta’minlaydigan qator muhim o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Unga ko‘ra hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratilib, endilikda hokim mahalliy Kengash raisi bo‘la olmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, uni vakolatlari muddati tugaguniga qadar lavozimidan ozod qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi talab mustahkamlanmoqda. Bunda ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Qonun bilan viloyat, tuman, shahar hokimi vakolatlari va vazifalariga ayrim o‘zgartirishlar kiritilib, ularga ko‘ra hokim o‘z nomzodini ko‘rib chiqishda mahalliy Kengashga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunda mahalliy Kengash raisi vakolatlari ham kengaytirilib, “Kengash so‘rovi” va “Kengash tekshiruvi” institutlari joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

Majlis davomida senatorlar tomonidan ushbu qonun mahalliy davlat hokimiyati organlarining yanada samarali va demokratik tizimini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, qonun mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati vakillik organi sifatidagi rolini kuchaytirish, hokimlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish, hududiy muammolarni yanada samarali hal etishni ta’minlashi qayd etildi.

Qizg‘in muhokamadan so‘ng qonun bir ovozdan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda aholining turli qatlamlari orasida sog‘lom ma’rifiy faoliyatni targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida nosog‘lom ma’naviy-ma’rifiy xatti-harakatlar ko‘payib, uning natijasida aholi vakillari, jumladan, yoshlar va bolalar ongi, madaniyati va qarashlariga begona bo‘lgan turli yot g‘oyalar o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida, ushbu holatlar bu boradagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyati yuzaga kelayotganini namoyon qilmoqda.

Shu munosabat bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mazkur faoliyat turiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Xususan, ma’rifiy faoliyatning bunday harakat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilishi yoxud qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur qonun ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, uni amalga oshirish talablari va shartlarini, ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar doirasini belgilaydi hamda jamiyatda ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda mavjud muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, Senatning 57-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish, shu jumladan, haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, yo‘l harakatining tashkil etilishini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Natijada joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamayishiga erishildi.

Muhokama etilgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda hamon saqlanib qolayotgan tizimli muammolarni hal etish va aholiga qulaylik yaratish hamda qonunlarga hurmat hissini shakllantirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirilib, unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilmoqda.

Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda tez tibbiy yordamga va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlariga muhtoj fuqarolarimizga ushbu yordam va xizmatlar zudlik bilan ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tez tibbiy yordam hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari katta tezlikda yoki yo‘l belgilariga rioya etmay harakatlanishi bilan bog‘liq holatlar mavjud.

Bunday holatlar, o‘z navbatida, avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalar orqali qayd etilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasiga asosan yuqorida ko‘rsatilgan holat yuzaga kelgan hollarda, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, ma’muriy ish MJtKning 271-moddasi asosida tugatilishi belgilangan.

Muhokama qilingan qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.

Qayd etish joiz, Toshkent shahrida 2023 yil iyun oyidan boshlab o‘tkazilgan reyd tadbirlarida individual harakatlanish vositalari boshqaruvchilari tomonidan 200 dan ortiq yo‘l harakati qoidalari buzilganligi aniqlangan.

Shu sababli skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan, skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek, individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.

Yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, bugungi kunda yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda, oqibatda esa halok bo‘lganlar va jarohat olgan fuqarolarning soni ham kam emas.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.

Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yo‘llarida tirbandliklarga va avariya holatlari sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, 2024 yilning o‘tgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda qonunda yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganligi (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Parlament a’zolarining fikricha, qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga, shuningdek, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.

Mazkur qonun Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu vazifalar yuzasidan 2023 yil sentyabr oyida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilgan edi.

JSSTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.

2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya’ni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, ya’ni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.

Ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat ishni sudda ko‘rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko‘rsatiladigan ijobiy ta’sirning kuchi yanada ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralarining samaradorligini oshirish hamda oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni, shuningdek, xotin-qizlar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati