Ko‘nglimizda bir umid bor – Orol yana qaytadi! (Orol dengiziga safar)

Kinolarda ko‘p ko‘rganmiz, kemalar uzoq safarga jo‘nab ketsa, sohildagi kuzatuvchilar xushchaqchaq kayfiyatda, ro‘mollarini hilpiratib, qo‘llarini silkitib xayrlashadi. Biroq, kemalar suzayotgan joyida qolib, dengizning o‘zi sohilga “alvido” deya, safarga otlanganini ko‘rganmisiz?..
Shunaqasi ham bo‘ladimi? deyishiga shoshilmang. Juda ko‘plab, insonlar qatori biz ham bu holatni ko‘rdik. O‘tmishdagi baxtli kunlarni qo‘msab, har daqiqada olg‘a intilishga shaylangan, ammo zangning og‘irligidan vayron bo‘lib, qumga botgan kemalarga taskin uchun so‘z topolmadik.
“… Mavjlanib turgan Orol, dengizning kuchli to‘lqinlari bilan olishib, unda baliq ovlayotgan baliqchilarning shodon qiyqirig‘i…to‘rga tushayotgan qalqonbaliq, laqqa, zog‘orabaliqlarning yirikligidan ovchilarning kayfi chog‘… qirg‘oqlariga sig‘may hayqirib yotgan dengiz to‘lqinlaridan zavq olayotgan kemalar har zamonda chayqalib, silkinib qo‘yadi… Ajoyib zamonlar edi…”
Olisdagi dengizga termulib, nurab borayotgan kemalar bu voqealarni har kuni tushida ko‘rsa, ne ajab. Hozir esa ular mana shu tuz kengliklari bir vaqtlar ulkan dengiz bo‘lganiga jonsiz guvoh sifatida qaqqayib turibdi.
Orol odamlardan “xafa” bo‘lganmi?
 
img-378481.jpg
Orol, Orol, Oroljon… Uni qanchalik chaqirmaylik, qaytishi uchun minglab loyihalar, takliflar ishlab chiqmaylik… negadir eshitishni, chorlovimizga javob berishni istamay… tobora yiroqlashib ketmoqda.
Saksoninchi yillar. Qoraqalpog‘iston Respublikasida Orol dengizi o‘rnida umumiy maydoni qariyb 3 million gektarni tashkil etadigan, qush uchsa qanotlari kuyadigan sahro paydo bo‘ldi. Unga Orolqum deya nom berildi. Shu tariqa Qoraqum sahrosi Ustyurt tekisligi va Orolqum orqali Qizilqum bilan tutashdi.
Xo‘sh, bu sahro qanday paydo bo‘ldi? Oddiy, biz o‘z qo‘limiz bilan uni yaratdik. Bilganimiz, sahro osmondan tushgani yoki tabiat injiqligi tufayli paydo bo‘lgani yo‘q. Amudaryo bilan Sirdaryoning yuqori oqimlariga har xil to‘g‘onlar qurib, “sahroni bog‘u bo‘stonga, olamni gulistonga aylantiramiz”, degan shiorlar ostida, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirdik, o‘zlashtiraverdik. Natijada, tabiatning musaffo in’omi bo‘lgan Orol dengizi bizdan chekindi, qochdi…
Ungacha, Mo‘ynoq Orol dengizidagi kichik bir orolcha bo‘lgan desak, ko‘pchilik ishonmaydi.
– Hozirda atrofini quruqlik egallagan bu shaharning to‘rt tarafi bir vaqtlar suv bo‘lgan, – deydi mo‘ynoqlik Izbasgan Qalbayev. – Bilasizmi, bu shu qadar tez ro‘y berganki, dengiz bir kechada 1-2 kilometrga chekinib, qirg‘oq bo‘yida turgan kemalar qumga tiqilib qolavergan. Shunda dahshatga tushgan yoshu qari qo‘llarini osmonga cho‘zib, xudoga yalinib, yolvorganlar. Ayblari neligini, bunday jazo yubormasligini Ollohdan iltijo qilganlar. Axir, odamlar Orol tufayli ishlab, daromad topgan, oilasini boqqan. Hayotdan zavqlangan. Bunday hayot va daromad manbai​ning yo‘qolishidan har bir inson vahimaga tushadi, albatta. Afsuski, necha-necha yillar o‘tsa-da Orol hamon ortga qaytmadi. Bobom umrining oxiriga qadar “dengiz bizdan xafa bo‘lgani uchun ketdi”, degan afsus bilan suvning qaytishini kutdi.
Bulutlarni haydaymiz yoki aysberglarni keltiramiz
 
01.JPG
Orol dengizi o‘z vaqtida dunyoda kattaligi jihatidan to‘rtinchi o‘rinda turuvchi ko‘l hisoblanardi. Yaqin o‘tmishda uning maydoni orollar bilan birga deyarli 68,0 ming kv. km. ni, suvining hajmi 1000 kub km. ni tashkil etgan. O‘rtacha chuqurligi 50,5 m. atrofida bo‘lgan.
Dengizga XX asrning 60-yillarigacha Amudaryodan 38,6 kub km. Sirdaryodan 14,5 kub km. suv kelib, 5,5 kub km. yer osti suvlari ham qo‘shilib turgan. Bu daryo suvlaridan ortiqcha foydalanish natijasida 1960 yillardan boshlab, dengiz sathi tezlik bilan pasaydi. 1989 yilda dengiz ikkita alohida suv havzasi — Shimoliy (Kichik) va Janubiy (Katta) Orol dengiziga ajraldi. Uning shimoliy qismi Qozog‘istonga, janubiy qismi O‘zbekistonga qarashli edi. Aralsk va Mo‘ynoq yirik port shaharlariga dengiz orqali kemalar qatnovi yiliga yetti oy davom etgan.
2014 yillarga kelib, O‘zbekiston hududidagi Janubiy Orol dengizining sharqiy qismi butkul qurib, uning atigi 7297 km² qismi qoldi.
Ayrim mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Orol va Kaspiy dengizlari o‘rtasida yoriq paydo bo‘lib, suv ana shu tektonik o‘zgarish oqibatida paydo bo‘lgan yo‘l orqali Kaspiy dengiziga o‘tib ketgan bo‘lishi ham mumkin emish.
Biroq, bu bir taxmin, xolos. Nima bo‘lgan taqdirda ham dengiz qurimoqda. Bir paytlar “bebosh” nomini olgan Amudaryoning suvlari Orolga yetib kelmayapti. Bugungi kunda onda-sonda yog‘adigan yomg‘irlardan tashqari dengizni to‘ldiradigan biror-bir irmoq qolmagan. Bir paytlar 40 tadan ortiq baliq turlari va dengiz jonivorlari yashagan, to‘lqinlari mavjida hayot ulashgan Orolda endi bir dona ham baliq yo‘q. Suvda minerallashuv darajasining ortishi ya’ni tuz miqdorining ko‘payishi, uni hayot uchun mutlaqo yaroqsiz qilib qo‘ygan.
Ana shu tuzni bartaraf etish, sahroni dengizga aylantirish uchun har xil takliflar aytilmoqda. Misol uchun, bir olim dengiz sohilida balandligi to‘rt-besh ming metrlik sun’iy tog‘lar tizmasini barpo etib, uning tepasidan mangu muzliklar hisobidan dengizga suv berishni, yana biri esa Shimoliy muz okeanidan katta aysberglarni olib kelishni, tag‘in bir olim bulutlarni Orol dengizi ustiga haydab kelib, yomg‘ir yog‘dirishni taklif qilyapti…
Eh-he, biri biridan g‘alati bu kabi taklifu tavsiyalarning cheki ko‘rinmaydi. Agarda shu kunga qadar Orol to‘g‘risida yozilgan bitiklar, nutqlar va va’dalardan, uni qutqarish maqsadida tuzilgan jamg‘armalar, ajratilgan mablag‘lardan suv chiqarish mumkin bo‘lganida edi, dengiz allaqachonlar to‘lgan bo‘lardi, nazarimda.
Umid oxirida o‘ladi, degan naql bor. Orol masalasi, unga ko‘mak berish va tiklash choralarini qidirish borasidagi suhbatlarning birida Xitoy fanlar akademiyasining Sinszyan bo‘limi vitse prezidenti Chen Sining mulohazalari e’tiborimni tortdi. Albatta, bu fikrlar menda katta taassurot qoldirdi.
– Markaziy Osiyoning Xitoy g‘arbida joylashgan muhim suv manbai, 2030 kilometr uzunlikdagi Tarim daryosi 1970 yillarda quriy boshlagan va 60 foiz o‘simlik dunyosi nobud bo‘lgan edi, – deydi Chen Si. – Uni tiklash maqsadida 2001-2015 yillar davomida olib borilgan izlanishlarimiz samarasida biz maqsadga erishdik. Hozirda daryoning o‘simliklar dunyosi tiklanib, bioxilma-xillik o‘z holiga qaytdi. Albatta, daryo ham o‘zaniga qaytdi. Ilmiy jamoamizning ana shu tajribasini yanada kengaytirib, uni innovatsion yangiliklar bilan boyitgan holda Orolda sinab ko‘rmoqchimiz. Tarimni tikladik, Orolni ham qaytaramiz. Loyihamizda uchuvchisiz samolyotlar yoki dronlardan foydalanish orqali tuz bo‘ronlariga barham berish, suvning tejashni yangi usullarini o‘rganish va ishlab chiqishga e’tibor qaratilgan.
Osmonda Orolning tuzli chang-to‘zoni…
 
11_aral_desinov_a29_1.jpg
Joriy yilning mayida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlariga qum bo‘roni tumanday bo‘lib yopirilganini, bo‘ron bilan uchib kelgan qumlar Orol dengizining oppoq tuzlari bilan aralash bo‘lib, dalalarni, uylarni va hatto avtomobillarning ustlarini oppoq qorday qoplagani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Haqiqatda ilgarilari Orol tuzlarining uchib kelishi kuzatilmas, ularni faqat dalalarda to‘planib qolgan uyumlar va suvning sho‘rligidan bilib olish mumkin bo‘lardi. Endilikda Orol dengizida suvning yanada kamayishi, iqlim o‘zgarishlari va boshqa hodisalar sababli tuzlar Xorazmgacha uchib kela boshladi.
– Qurigan dengiz tubidan yil davomida 75 million tonnagacha chang ko‘tarilishi kuzatilgan, – deydi biologiya fanlari doktori Gulchehra Nabiyeva. – Kengligi 40 kilometr uzunligi 400 kilometrga yetadigan tuzli chang tufonlari Orolqumdan o‘nlab, hatto yuzlab kilometr masofaga tarqalib, tabiiy o‘tloqlar, ekinzorlar, bog‘lar, shaharlar va qishloqlar ustiga yog‘ilyapti. Bu chang Tyanshan va Pomir tog‘lari cho‘qqilarigacha yetib borib, ulardagi muzliklarning erishini tezlashtirib yuborayotgani aytilmoqda. Cho‘llanish va sho‘rlanishning tezlashuvi oqibatida so‘nggi yillarda 50 ming gektarga yaqin ekin maydoni foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 60-yillarida Orol dengizi suvining har litrida 10-12 gramm miqdorda tuz bo‘lgan. Yildan – yilga undagi tuz miqdori ortib bormoqda. Xususan, suvdagi tuzlilik darajasi 50 grammdan oshgandan keyin barcha baliqlar qirilib ketgan. Hozir Orol suvining tuzlilik darajasi 160 gramm atrofida.
Ayni vaqtda umumiy maydoni qariyb 5 million gektarni tashkil etadigan Orolqumdan yiliga yuzlab million tonna chang-to‘zon ko‘tarilmoqda. Ularning minglab kilometrlargacha masofaga uchib borayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar ham bor. Tuz keltiradigan xavf tobora ortib, uning hududlari yil sayin kengaymoqda. 2000-2016 yillar misolida aytadigan bo‘lsak, tuz bo‘ronlari oldinroq yiliga 15 marta bo‘lsa, endi 25 marta kuzatilmoqda.
Xo‘sh, buning oqibatlari nimalarga olib kelishi mumkin? Chorva mollarining yaylov maydonlari qisqarib, tabiiy ozuqa manbalari bo‘lmish o‘simliklar dunyosi qashshoqlashib bormoqda. Oroldagi tuzli chang-to‘zon bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda daraxtlarning gullashini hisobga olsak, tuzli chang tushgan qaysi bir meva gullaridan to‘laqonli hosil olish mumkin?
Suvlar va hatto havo ham sho‘rlanishi natijasida aholi orasida turli kasalliklar tarqalib, ularni davolash qiyinlashmoqda. Bu hududlarda istagan bir oilaga kirib, insonlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilsa, Orol fojiasining oqibatlariga guvoh bo‘lamiz. Misol uchun, yurak-qon tomiri, oshqozon-ichak, nafas olish organlari kasalliklari (o‘pka sili, astma, bronxit) ko‘paymoqda. Kamqonlik kasalligi oshganligi kuzatilmoqda.
Nega bu maydonlarni tuz egalladi? Ma’lumotlarga ko‘ra, Orol qadim-qadimdan Amudaryo va Sirdaryodan oqib keladigan suvlar bilan tuzlarni tabiiy saqlab turadigan dengiz edi. Daryolar dengizga oqmay qolganidan so‘ng, oqim bilan keladigan tuzlar dehqonning sug‘oriladigan tomorqasigacha borib, o‘sha yerda qolib ketmoqda.
Demak, Orol taqdiriga befarqlik osmonimizni tuzli to‘zon qoplab, yer sharining ahvoli og‘irlashib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Dengiz qaytarmikan..?
 
aral-collage.jpg
– Shu kunlarda yoshi ulug‘lar Orol dengizi oldin ham ikki marotaba qurib, keyin yana o‘zaniga qaytgani haqida ko‘p eslashmoqda,–deydi Ekoharakatning Qoraqalpog‘iston Respublika hududiy bo‘linmasi vakili Aysanam Begimova. – Balki, bu rivoyatdir yoki haqiqat. Orolning qurishi har 50 yoki 100 yilda takrorlanib turar ekan. Hademay, uni butkul quriganiga ham ellik yildan oshibdi. Demak, uning ortga qaytish kunlari kelmoqda, bundan hammamiz umidvormiz.
Tarixiy ma’lumotlarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, haqiqatda ham Orol dengizi o‘z o‘tmishida uch marta qurigani aniqlangan. Avvalgi ikki marotaba dengizning qurishiga tashqi bosqinchilik oqibatida Amudaryo oqimi Uzboy o‘zani orqali Kaspiy dengiziga burib, yuborilgani sabab bo‘lgan. O‘tgan asrda suvning qurib qolishiga esa yerlarni o‘zlashtirish maqsadida suvdan bemaqsad foydalanish sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
– Bobom – Asan Begimov, O‘zbekiston adabiyoti arbobi, qoraqalpoq yozuvchisi va dramaturgi edi, – deydi A.Begimova. – Bobomning “Baliqchining qizi” romani Orol dengizi atrofida yashovchi baliqchining qizi Oyqiz va uning sevgilisi Do‘stbergen haqida yozilgan. Romandagi mana shu satrlarni o‘qiganimda Orolni sog‘inaman. “…Do‘stbergen Orol dengizida kuchli to‘lqinlar bilan olishib baliq ovlaganida: – Sazaning sho‘rvasin ichsangiz boldek, Aq marqa, suo‘yening har biri qo‘ydek. Dengizda ilaqa suzadi oydek, Bekire kesmasi belingga darmon. Yeganning ko‘nglida qolmaydi armon”, deb qo‘shiq kuylaydi. Bu qo‘shiqdagi oq marqa, bekire kabi baliq turlari yo‘q bo‘lib ketgan. Hattoki, bekire baliq turi “Qizil kitob”ga kiritilgan.
Qani o‘sha to‘lqinlar, o‘sha baliqlar? Og‘irligi 7-10 kilogramm keladigan yuzlab kilo baliq tutish baliqchilarimiz uchun odatiy mashg‘ulot edi. Ilohim Orolimiz qayta to‘lib-toshsin. Hammamizning ko‘nglimizda bir umid bor — Orol yana qaytadi!

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA