Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari, shu jumladan, yoshlar parlamenti va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etayotgan tadbirda O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi.
Senat Raisi Markaziy Osiyodagi davlatlar rahbarlarining oliy darajada erishayotgan kelishuvlarini samarali amalga oshirish, hamkorlik formatlarini yanada rivojlantirishda parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
– Mazkur forum o‘z mohiyatiga ko‘ra, mintaqa davlatlarining har tomonlama hamkorligini kengaytirishga bo‘lgan intilishini o‘zida namoyon etadi, – dedi T.Norboyeva. – Ishonchimiz komilki, bugun mintaqaning hamma davlatlari o‘zining kelgusi taraqqiyotini bevosita Markaziy Osiyoning barqarorligi va farovonligiga uzviy bog‘liq holda ko‘radi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni boshlaganda, tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasini belgiladi. Va har yili 5 ta davlatning birida an’anaviy davlatlar rahbarlarining sammitini (Maslahat kengashi) o‘tkazib borish tashabbusini ilgari surdi. Barcha Prezidentlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va yo‘lga qo‘yilgan ushbu muhim hamkorlik formati mintaqadagi doimiy muloqot maydoni, o‘zaro muhim masalalarni muhokama va hal etishning samarali mexanizmiga aylandi.
Davlatlarimiz rahbarlarining tashabbusi va siyosiy irodasi natijasida qisqa muddatlarda mintaqada jadal integratsiya jarayonlariga start berildi. Dastlabki bosqichda mazkur format maqsadi mintaqada yig‘ilib qolgan muammolar – chegara, transport, suv resurslari, savdo sohalarida bir qator ziddiyatlarni bartaraf etishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugun mintaqadagi o‘zaro hamkorlik va rivojlanish jarayonlariga turtki beruvchi, harakatlantiruvchi omilga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston tashabbusi tufayli mintaqaning barcha mamlakatlari bilan chegaraoldi savdo zonalarini tashkil etish ishlari boshlandi. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan bunday hududlarni shakllantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.
Birgina O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro savdo aylanmasi keyingi 7 yilda deyarli 3 barobarga oshdi (2017 yildagi 2,7 milliard dollardan 2023 yilda 7,2 milliard dollargacha).
Umumiy o‘zgarishlar orasida suv, suv-energetika va ekologiya masalalari bilan bog‘liq yo‘nalishda ham ko‘plab ijobiy natijalar kuzatilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA