AOKAda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilning may-noyabr oylarida respublikaning 12 ta (Jizzax, Buxoro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Navoiy, Samarqand, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona, Qashqadaryo, Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatlari) hududida mahalla xotin-qizlar faollari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Malaka oshirish kurslarida 12 ta hududdagi 2 ming 683 ta mahalladan 2 ming 313 nafar mahalla xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, mavjud qonunchilikda mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish, ularning faoliyatini uslubiy qo‘llab-quvvatlash borasida vazifalar belgilab berilgan. Bu vazifa asosan “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutiga yuklatilgan. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan mahalladagi xotin-qizlar faollari uchun uzluksiz va kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil qilish, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona elektron platforma “Raqamli ta’lim platforma”si (https://oilamalaka.uz/) ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan.
Malaka oshirish dasturiga asosan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy mavzularda 20 ga yaqin ma’ruza matni, taqdimot, tarqatma material, 10 dan oshiq videodars tayyorlanib, platformaga joylashtirildi. Malaka oshirish kursi 36 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, 18 soati onlayn va 18 soati offlayn tarzda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalla xotin-qizlar faollari hududlarda jami 80 ta guruhga bo‘lingan holda 6 kun mobaynida bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarlarida ishtirok etdi va “Raqamli ta’lim platformasi” orqali malaka oshirish jarayonlari monitoring qilib borildi. Mahalla xotin-qizlar faollari malaka oshirish kursi tinglovchilarini uslubiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 40 mingdan ortiq uslubiy qo‘llanma, buklet va flayerlar tarqatildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA